Evropa Ittifoqining asosiy davlatlari Bashar al-Assad rejimi ag‘darilganidan so‘ng hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tishini ta’minlash va ko‘chirilganlarning qaytishiga ko‘maklashish uchun Suriyaga qarshi ayrim sanksiyalarni to‘xtatishga chaqirmoqda.
Bloomberg tomonidan ko‘rilgan hujjatga ko‘ra, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Ispaniya, Finlyandiya va Daniya gumanitar yordam yetkazilishini osonlashtirish hamda ayollar va etnik ozchiliklar huquqlarini himoya qilish uchun sanksiyalarni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda.
“Suriya iqtisodi qiyin ahvolda va Yevropa Ittifoqi o‘zini iqtisodiy o‘yinchi sifatida ko‘rsatish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘lib, bu orqali bizning siyosiy maqsadlarimizga erishish va Rossiya kabi yomon niyatli shaxslarning ta’sirini kamaytirish uchun vosita yaratadi”, deyiladi tashkilot bayonotida.
Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari shu oy boshida Damashqqa tashrif buyurib, Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad al-Shara bilan muzokaralar olib borishdi. Yevropa Ittifoqi davlatlari guruhi “birinchi ishora” sifatida blok va Suriya o‘rtasidagi transport aloqalarini yumshatish, gumanitar imtiyozlarni kengaytirish, qimmatbaho tovarlarga nisbatan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish hamda infratuzilma va energetika sohasida operasiyalarga ruxsat berishni taklif qilmoqda.
Evropa Ittifoqi oliy vakili Kaja Kallas seshanba kuni Bloomberg agentligiga bergan intervyusida Suriyaning yangi rahbariyati atrofidagi vaziyatni shunday izohladi: “Men ko‘p xayrixohlikni ko‘rmoqdaman, so‘zlar to‘g‘ri, lekin biz ishlar to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganini ko‘rishimiz kerak”.
Evropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari 27-yanvar kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Suriyaga qarshi sanksiyalarni muhokama qiladi. AQSh allaqachon gumanitar yordam oqimini ko‘paytirish uchun cheklangan sanksiyalarni engillashtirishni taklif qilgan.