Evropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida Rossiyaga qarshi 20-bosqich sanksiyalar paketi yuzasidan ixtiloflar yuzaga keldi. Bu haqda Bloomberg yuqori martabali manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, YEIning Rossiya neftini aylanma yo‘llar orqali sotishda ishtirok etayotgan xorijiy portlar va banklarga sanksiya qo‘llash rejasi ayrim a’zo davlatlar qarshiligiga uchragan.
Jumladan, Gresiya va Malta Rossiya nefti uchun joriy etilgan narx chegarasini Rossiya neftini tashish xizmatlarini to‘liq boykot qilish bilan almashtirishga qarshi chiqqan. Shuningdek, ushbu davlatlar Indoneziyaga logistika vositachiligidagi ishtiroki uchun ikkilamchi sanksiyalar qo‘llashga ham qarshilik bildirgan.
Italiya va Vengriya esa Gruziyaning Kulevi portiga nisbatan shunga o‘xshash cheklov choralarini joriy etishga qarshi ekani qayd etilmoqda.