Siyosatchining bevasi Yuliya bilan uchrashgan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha Oliy vakili Josep Borrelning bayonotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Aleksey Navalniyning o‘limidan g‘azabda, buning uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin va mamlakat rasmiylari javobgarlikni o‘z zimmalariga olishadi.
«Bugun biz tashqi ishlar bo‘yicha kengashda uning rafiqasi Yuliya Navalnaya, ularning farzandlari, oila a’zolari, do‘stlari va u bilan birga vatan farovonligi yo‘lida ishlagan barcha kishilarga chuqur hamdardlik bildirdik. Rossiya uning to‘satdan o‘limi holatlari yuzasidan mustaqil va shaffof xalqaro tergov o‘tkazilishiga ruxsat berishi kerak. YEI hamkorlarimiz bilan yaqindan muvofiqlashgan holda Rossiyaning siyosiy rahbariyati va hokimiyatini javobgarlikka tortish va ularning xatti-harakatlari uchun qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi», — deyiladi bayonotda.
Borrelning ta’kidlashicha, siyosatchining o‘limi haqidagi xabardan so‘ng butun dunyo bo‘ylab odamlar uning xotirasini hurmat qilish uchun yig‘ilgan, biroq Rossiyada rasmiylar bunga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilgan va bir necha yuz kishi hibsga olingan. Yevropa Ittifoqi rasmiylari ularni, shuningdek, Rossiya qamoqxonalaridagi barcha siyosiy mahbuslarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.
«Navalniyning kutilmagan va hayratlanarli o‘limi Rossiyadagi repressiyalar tezlashib borayotganining yana bir belgisidir. YEI Rossiyani boshqa barcha siyosiy mahbuslarni, jumladan Yuriy Dmitriyev, Vladimir Kara-Murza, Ilya Yashin, Aleksey Gorinov, Liliya Chanysheva, Kseniya Fadeeva, Aleksandra Skochilenko va Ivan Safronovni zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilishga chaqiradi», — deya qo‘shimcha qildi Borrel.