Bu haqda 7 noyabr kuni Yevrokomissiya tomonidan e’lon qilingan bayonotda bildirildi.
"Evropa Ittifoqi Rossiya Ukrainada olib borayotgan urush bilan bog‘liq xavfsizlikka tahdidlar kuchayganini hisobga olgan holda Rossiya fuqarolariga viza berish qoidalarini kuchaytirishga qaror qildi. Bu potensial xavfsizlik xatarlarini kamaytirish uchun arizachilarni muntazam va puxta tekshirish imkonini beradi", deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi mustaqil jurnalistlar va huquq himoyachilari uchun yangi qoidalardan istisnolar nazarda tutilgan.
"Biz o‘z hududimizda dronlardan foydalanishning misli ko‘rilmagan holatlari va sabotaj harakatlariga duch kelmoqdamiz. Fuqarolarimizni himoya qilishga majburmiz. Endi Yevropa Ittifoqiga kelish uchun viza so‘rab murojaat qilgan Rossiya fuqarolari uchun yanada qat’iy qoidalar qo‘llanadi. Yevropa Ittifoqiga sayohat qilish va ittifoq ichida erkin harakatlanish huquq emas, balki imtiyozdir", — deya ta’kidladi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.