Evropa Komissiyasi (YK) har yili yuz minglab rossiyalik sayyohlarni qabul qilishda davom etayotgan Fransiya, Italiya va Ispaniyaga qarshi 11 ta Yevropa davlatining e’tirozlaridan so‘ng Rossiya fuqarolari uchun viza berishni kuchaytirishga va’da berdi. Bu haqda Euronews yozmoqda.
Evrokomissiyaning migrasiya masalalari bo‘yicha vakili Markus Lammertning so‘zlariga ko‘ra, yangi choralar 2027 yildan kuchga kirishi mumkin.
“Uchinchi davlatlarning dushmanona harakatlari natijasida yuzaga kelayotgan xavfsizlik tahdidlarini bartaraf etish uchun maqsadli vizaviy cheklovlarni taklif qilamiz”, dedi u.
Lammert bo‘lajak cheklovlarning aniq mazmunini ochiqlamadi. Biroq u vizalar berish masalasi Yevroittifoqning alohida a’zo davlatlari vakolatiga kirishini ta’kidladi. Shu sababli rossiyaliklarga viza berishni to‘liq taqiqlash masalasi hozircha kun tartibida emas.
Bir necha kun avval Shengen hududiga kiruvchi 11 davlat Yevrokomissiyaga qo‘shma maktub yo‘lladi. Murojaat mualliflari — Daniya, Islandiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Finlyandiya, Chexiya, Shvesiya va Estoniya.
Ular rossiyaliklarga viza berish bo‘yicha “majburiy va qat’iy” choralarni imkon qadar tezroq joriy etishni talab qilgandi. Maktubda qayd etilishicha, Yevroittifoq tavsiyalari turli mamlakatlar tomonidan turlicha talqin qilinmoqda va bu esa Rossiya fuqarolariga zarur bo‘lmagan sayohatlar uchun vizalar berilishida farqlarga olib kelmoqda.