Evropa komissiyasi Isroil hukumati tomonidan ilgari surilgan ayblovlarga qaramay, HAMAS G‘azo sektorida gumanitar yordamni o‘zlashtirayotgani bo‘yicha hech qanday dalilga ega emasligini ma’lum qildi. Bu haqda Yevropa komissiyasi vakili Yeva Xrnsirova matbuot anjumanida bayonot berdi. Unga ko‘ra, G‘azodagi gumanitar vaziyat “falokat darajasida” qolmoqda.
“HAMAS yordamni o‘g‘irlayotgani haqida bizda hech qanday xabar yo‘q. Biz gumanitar faoliyatda mustaqillik va betaraflik tamoyillariga sodiqmiz”.
Shuningdek, u Isroilni yordam yetkazish va tarqatish tizimini darhol ishga tushirishga chaqirdi.
🇪🇺 Yevropa komissiyasi BMTning gumanitar missiyalari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda, biroq AQSh va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan G‘azo Gumanitar Fondi (GHF) bilan ishlashni rad etmoqda. Komissiya ta’kidladi:
“Gumanitar yordam xususiylashtirilmasligi, siyosiylashtirilmasligi va mojaroda vosita sifatida ishlatilmasligi kerak”.
GHF 27 may kuni, G‘azoga 11 haftalik to‘liq blokadadan so‘ng, faoliyat boshlagan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ikki oy ichida yordam tarqatish punkti yaqinida yuzlab falastinliklar Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilgan.
170 dan ortiq nodavlat tashkilotlar — jumladan, Oxfam, Amnesty International va “Chegara bilmas shifokorlar” — BMTning Falastinlik Qochqinlarga Yordam agentligi (UNRWA) bilan birga, GHF orqali yordam tarqatishni to‘xtatish va BMT boshchiligidagi mexanizmlarga qaytish bo‘yicha qo‘shma bayonot chiqargan.
2023 yil oktyabridan beri G‘azoda Isroil bombardimonlari oqibatida 57 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, aksariyati — ayollar va bolalar. 27 maydan beri esa “gumanitar zonalar”da ham hujumlar davom etmoqda: hozirgacha u yerda 652 kishi halok bo‘lgan, 4 500 dan ortig‘i yaralangan.