Toshkent metrosida havo issiqligi va sovitish tizimining yo‘qligi yuzasidan bildirilgan yo‘lovchi shikoyati ortidan, metropoliten ma’muriyati eski vagonlarga bunday qurilma o‘rnatish mumkin emasligini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatda yo‘lovchi Toshkent metropoliten vagonlaridagi issiq havodan shikoyat qilgan. U, shuningdek, jamoat transportidagi sanitariya va qulayliklar talab darajasida nazorat qilinishi kerakligini ta’kidlagan.
Bu voqeaga munosabat bildirgan “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati ma’lum qilishicha, «Videoda ko‘rilayotgan poyezd ko‘p yillardan beri ishlatilayotgan eski turdagi harakat tarkibi hisoblanadi. Unda sovitish tizimi avvaldan mavjud bo‘lmagan va bu turdagi poyezdlarga bunday qurilmani qo‘shish texnik jihatdan imkoniyati yo‘q».
Ma’muriyat so‘nggi besh yilda xizmat sifati yaxshilanishi uchun 41 ta yangi poyezd sotib olinganini va ular zamonaviy sovitish hamda isitish tizimlari bilan jihozlanganini ma’lum qilgan. Bu, o‘z navbatida, metropolitendagi umumiy poyezdlar parkining 50 foizidan ortig‘ini yangilashga imkon berdi.
Shuningdek, 2025–2026 yillar davomida yana 14 ta to‘rt vagonli yangi harakat tarkibini xarid qilish va ularni yo‘nalishlarga joylashtirish rejalashtirilgani ta’kidlangan. Hozirda bu borada tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Metropoliten ma’muriyati yo‘lovchilarga yanada qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida modernizasiya jarayoni davom etishini bildirdi.