AQSh rasmiylari bu tahdidlarni raqamli targ‘ibot deb atab, tanqidiy infratuzilmaga hujumlar xavfi haqida ogohlantirdi.
AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (KSIK) bilan aloqador bo‘lgan «Robert» taxallusli xakerlar guruhi Donald Trampning yaqin ittifoqchilariga tegishli akkauntlar buzilib, qo‘lga kiritilgan 100 gigabaytdan ortiq xat-xabarlar va ma’lumotlarni oshkor qilish yoki sotish niyatida ekanini e’lon qildi.
Xakerlar nishonga olgan shaxslar orasida:
Oq uy apparati rahbari Syuzi Uayls,
Tramp advokati Lindsi Helligan,
Siyosiy maslahatchi Rodjer Stoun,
Aktrisa Stormi Deniyels bor.
Ularning aytishicha, 2024 yilgi prezident saylovlari arafasida ushbu materiallarning bir qismi jurnalistlarga yuborilgan va u yerda Tramp shtabining moliyaviy kelishuvlari, Respublika partiyasining boshqa nomzodlariga oid ichki yozishmalar hamda Deniyels bilan bog‘liq sud ishlari muhokamasi bor edi. Biroq bu ma’lumotlarning tarqatilishi Trampning saylovdagi g‘alabasiga ta’sir qilmagan.
Trampning g‘alabasidan so‘ng guruh faoliyatini to‘xtatganini bildirgan, biroq 2025 yil iyun oyida AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi havodagi qarama-qarshiliklar fonida yana faollashdi. Reuters bilan suhbatda ular o‘g‘irlangan xatlar «sotuvga qo‘yilishi» va bu holatga matbuot e’tibor qaratilishini xohlayotganlarini aytgan.
AQSh rasmiylari bu harakatlarni keskin qoraladi. FBR rahbari Kesh Patel:
«Milliy xavfsizlikka tahdid solayotgan har bir kishi javobgarlikka tortiladi», — dedi.
AQSh Kiberxavfsizlik agentligi (CISA) esa guruh harakatlarini Tramp va uning atrofidagi shaxslarni nishonga olgan rejalashtirilgan to‘hmat kampaniyasi deb baholadi.
Helligan, Stoun va Deniyels vakillari bu borada izoh bermadilar. Eron esa odatdagidek kiberjosuslikda ishtirokini rad etdi.