16-17 aprel kunlari Tehronga tashrif buyurgan Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi Eron yadroviy qurol yaratishga yaqin turganini aytdi va MAGATE ayni mavzudagi har qanday muzokarada ishtirok etishi shartligini ta’kidladi.
– Eronda bir emas, bir necha bomba yasash uchun yetarli ashyo bor, – dedi mulozim “Monde” nashriga bergan intervyusida. – Bu mamlakat hali yadro quroliga ega emas, lekin tan olish kerak, o‘sha kundan uncha uzoq ham emas. So‘nggi to‘rt yil ichida Islom Respublikasi bu borada barqaror tezlashganini ko‘rdik.
Tuzilma rahbarining tashrifi O‘mon vositachiligida Eron va AQSh bilvosita bir necha muzokara o‘tkazayotgan paytga to‘g‘ri keldi.
Grossi ta’kidlashicha, MAGATE Tehron yadro dasturi bo‘yicha ikki qudratli davlat o‘rtasidagi muzokaradan chetda qolishi mumkin emas. Zero, mazkur tashkilot tomonidan ma’qullanmasa, “har qanday kelishuv qog‘oz”dir.
– Hozircha Araqchiy va Uitkoff muloqotida yo‘qmiz, biroq ko‘tarilgan masalaga befarq emasmiz, – deya qo‘shimcha qilgan agentlik yetakchisi. – Tomonlar yaxshi biladiki, har qanday ehtimoliy kelishuv bo‘yicha fikrimizni bildirishimiz zarur, chunki biz jarayonni nazorat qilishimiz, mavjud vaziyatni tekshirishimiz kerak. Ular bilan norasmiy muzokara olib borganmiz. Bandlari aniq matn paydo bo‘lishi bilanoq, shartlar bo‘yicha fikr bildiramiz.
Tramp mart oyi boshida Eron oliy rahnamosi Ali Humanaiyga maktub yo‘llab, yangi yadroviy kelishuv taklif qilgan. Agar diplomatiya muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, harbiy usulda javob berish bilan tahdid qilgan. Bunga javoban Islom Respublikasi rahbariyati Vashington bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazish imkoniyatini rad etib, faqat uchinchi davlatlar vositachiligidagi muloqotga rozi bo‘ldi.
2015 yil Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH, Fransiya va Eron kelishuvga erishgan. Bitimda o‘z yadro dasturini cheklashi evaziga Islom Respublikasiga nisbatan sanksiyani yumshatish taklifi kiritilgan.
AQSh 2018 yil mayda, Trampning avvalgi prezidentlik davrida kelishuvdan chiqdi va Tehron rahbariyatiga qarshi sanksiyani qayta tikladi. Bunga javoban Eron hujjat bo‘yicha majburiyatini bosqichma-bosqich qisqartirish, xususan yadroviy tadqiqot olib borish va uranni boyitish darajasini cheklashdan voz kechishini e’lon qilgan.