Eron prezidenti Masud Pezeshkian Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud telefon orqali muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga sodiq ekanliklarini bildirdilar. Bu haqda Eron prezidenti devoni bayonotida ma’lum qilindi.
Bayonotga ko‘ra, Eron prezidenti muhim ichki ishlar tufayli Islom hamkorlik tashkiloti va Arab Ligasining dushanba kuni Ar-Riyodda o‘tkazilgan navbatdan tashqari qo‘shma sammitida qatnasha olmasligini tushuntirgan. Uning o‘rniga tadbirda Eron tomonidan birinchi vise-prezident Muhammad Rizo Orif vakillik qildi.
Masud Pezeshkian sammit Isroilning mintaqadagi harbiy amaliyotlari, G‘azo sektori va Livanda davom etayotgan mojarolar kabi muammolarni hal etishda salmoqli natijalar berishiga ishonch bildirdi.
Eron prezidenti, shuningdek, o‘z mamlakati ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyorligini ta’kidladi, bu ikki yetakchining turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga intilishlariga javob beradi.
Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, o‘z navbatida, Masud Pezeshkianga qo‘ng‘iroq uchun minnatdorlik bildirib, Erondagi vaziyatni tushunishini bildirdi va Eron rahbariyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Valiahd shahzoda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar burilish pallasida ekanini ta’kidlab, ikki tomonlama munosabatlar barcha sohalarda maksimal darajaga ko‘tarilishi va Ar-Riyodga tashrifi chog‘ida Muhammad Rizo Orif bilan bu borada muzokaralar olib borilishiga umid bildirdi.
Ikki davlat rahbarlari yaqin kelajakda o‘zaro davlat tashriflarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Saudiya Arabistoni va Eron 2023 yil aprelida yetti yillik sovuqchilikdan so‘ng Xitoy vositachiligida diplomatik munosabatlarni tikladi.