Eron Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy va amerikalik milliarder Ilon Maskning uchrashuvi haqidagi xabarlarni "qat’iy" ravishda rad etdi.
"Amerika ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan uchrashuv haqidagi ma’lumotlar mutlaqo yolg‘on", — deya ta’kidladi Eron TIV rasmiysi Ismoil Bagai IRNA davlat axborot agentligiga bergan izohida.
Avvalroq The New York Times nashri nomi oshkor etilmagan eronlik ikki mulozimga tayanib, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp tomonidan hukumat samaradorligi bo‘yicha yangi departamentga rahbar etib tayinlagan Ilon Mask 11 noyabr kuni Nyu-Yorkda Amir Said Iravoniy bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi.
"Tomonlar Tehron va Vashington o‘rtasidagi ziddiyatni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qildi. Bir soatdan ko‘proq davom etgan muzokaralar yashirin ravishda bo‘lib o‘tdi", deb yozadi nashr.
Gazeta suhbatdoshlarining qayd etishicha, Mask bilan uchrashuv Tehronga Amerika rasmiylari bilan bevosita muzokaralarga kirishmaslikka imkon bergan. NYT manbalaridan birining so‘zlariga ko‘ra, suhbat chog‘ida Iravani milliarderga Erondan sanksiyalarni olib tashlashni va biznesining bir qismini Tehronga ko‘chirishni taklif qilgan.