Qo‘shma Shtatlar Eron yaqin kelajakda Isroilga raketa hujumi uyushtirish niyatida ekanligi haqida ma’lumotga ega, deydi Axios va CNN harbiy-siyosiy tahlilchisi Barak Ravid Oq uyning yuqori martabali mulozimiga tayanib.
«Biz Isroilni ushbu hujumdan himoya qilish uchun mudofaa tayyorgarliklarini faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Eronning Isroilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy hujumi Eron uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi», — deya manbaning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Ravid.
Vashingtonga ko‘ra, hujum uchun ballistik raketalar qo‘llaniladi.
Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniyel Hagariy Isroil AQShdan ogohlantirish olganini tasdiqladi, biroq hozircha Erondan tahdid belgilari yo‘q.
Eron qorong‘u tushgandan keyin yaqin 12 soat ichida Isroilga zarba beradi, deb yozadi The New York Times.