Agar Saudiya Arabistoni Isroilga hujum uyushtirishda yordam bersa, Eron uning neft ob’ektlari xavfsizligini kafolatlay olmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Fors ko‘rfazidagi uch manbaga ko‘ra, ko‘rfaz davlatlari Isroilning Eron neft ob’ektlariga zarba berishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha AQSh sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Xususan, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA Isroilga Eronga hujum qilish uchun o‘z havo hududidan foydalanishga ruxsat bermagan va bu haqda AQShni xabardor qilgan, deydi hukumat doiralariga yaqin manba.
Shu bilan birga, Eron shu hafta bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Saudiya Arabistonini agar u Isroilga hujum qilishda yordam bersa, qirollikning neft ob’ektlari xavfsizligini kafolatlay olmasligi haqida ogohlantirgan. Qirol saroyiga yaqin bo‘lgan saudiyalik tahlilchi Ali Shihobining so‘zlariga ko‘ra, Eron Ar-Riyodga uning ittifoqchilari, masalan, Yaman yoki Iroqdan javob kelishi mumkinligi haqida “aniq signal” yuborgan.
Agar Fors ko‘rfazi mamlakatlari Isroil uchun o‘z havo hududini ochsa, bu urush harakati hisoblanadi, degan eronliklar.
Reuters’ning Fors ko‘rfazidagi uchta manbasi Isroil Iordaniya yoki Iroq hududiga zarba berishi mumkinligi, ammo BAA, Qatar yoki Saudiya Arabistoni havo hududidan foydalanish ko‘rib chiqilmagani va “strategik jihatdan kerakciz” ekanini aytgan. Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil qiruvchi samolyotlarga Qizil dengiz ustidan Hind okeaniga uchib o‘tish, Fors ko‘rfaziga borish va keyin qaytishga imkon beradigan havo yoqilg‘isidan foydalanishi mumkin.
Raketaga qarshi mudofaa tizimlari va Patriot majmualari mavjudligiga qaramay, Fors ko‘rfazidagi barcha neft ob’ektlarini himoya qilish murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda. Shu sababli, asosiy yondashuv diplomatik yo‘nalishda davom etmoqda — Eronga mintaqa mamlakatlarining “tahdid solmasligini tushuntirish asosiy maqsad hisoblanadi, deyiladi xabarda.
Fors ko‘rfazida OPEK+ infratuzilmasining katta qismi joylashgan, shuning uchun Saudiya Arabistoni yoki BAAdagi neft ob’ektlariga hujum neft yetkazib berish muammosiga olib kelishi mumkin.
Masalan, 2019 yilda Saudiya Arabistonining Aramco neft konlariga Yaman husiylari hujumi jahon xom ashyosining 5 foizdan ortig‘ini to‘xtatdi, deb eslatadi Reuters.
Agentlikning Fors ko‘rfazidagi manbalariga ko‘ra, Eron neft infratuzilmasiga qilingan hujum global oqibatlarga olib kelishi kutilmoqda. Bu ayniqsa, Eron neftining eng yirik iste’molchisi bo‘lgan Xitoy hamda AQShda demokratlardan prezidentlikka nomzod Kamala Harris uchun ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Agar neft narxi bir barrel uchun 120 dollargacha ko‘tarilsa, bu ham AQSh iqtisodiyotiga, ham Harrisning saylovdagi imkoniyatlariga zarar yetkazadi. Shu sababli, amerikaliklar neft urushining kengayishiga yo‘l qo‘ymaydi, deydi suhbatdosh.
Reuters manbalariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar, qo‘shni neft qazib oluvchi Ummon va Bahrayn ham mojaroning yumshatilishidan manfaatdor.
Biz raketa urushining markazida qolib ketishimiz mumkin. Ayniqsa, Isroil Eronning neft inshootlariga zarba beradigan bo‘lsa, jiddiy xavotirlar mavjud, deydi Fors ko‘rfazidan manba.