Eronning oliy rahbari Oli Hamaniy me’roj kechasi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda AQShni tanqid qildi. Uning nutqi davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan.
“AQSh o‘zining inson huquqlari tarafdori ekanligini aytadi, vaholanki, muxolifatchi jurnalistni o‘ldirgan Saudiya Arabistoni hukumatini haligacha qo‘llab-quvvatlab kelyapti”, – dedi Hamaniy.
Shuningdek, u ISHID terror guruhini AQSh tuzganini iddao qildi. “Amerikaliklarning o‘zi buni tan olgan. Pirovardida ISHIDni bahona qilib mintaqada harbiy bazalar ochishdi. ISHIDni zamonaviy media va moliyaviy yordam bilan ta’minlashdi. Ular (terrorchilar) Suriyaning neftini sotishi uchun zamin tayyorlashdi, keyin esa ISHIDga qarshi kurashishganini da’vo qilishdi”, – dedi Eronning oliy rahbari.
Hamaniyning fikriga ko‘ra, Amerika o‘z harbiylarini Suriya va Iroqdan olib chiqishi zarur.
Eron rahbari eslab o‘tgan jurnalist Jamol Qoshiqchidir. U 2018 yilning oktyabrida, Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga yangi hujjatlarni olish uchun kelgan paytda o‘ldirilgan. O‘tgan oy AQSh razvedkasi e’lon qilgan xulosada jurnalistning o‘ldirilishini Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon ma’qullagani aytildi. Biroq Riyoz jinoyatda shahzodaning qo‘li borligini rad etib keladi.