Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Eron neft to‘kilishida xorijiy kemani aybladi

Eron neft to‘kilishida xorijiy kemani aybladi

Tehron Keshm oroli yaqinidagi suvlarni ifloslantirganlikda xorijiy kemani ayblab, yetkazilgan zarar uchun kompensasiya talab qildi. Biroq kemalar harakatini kuzatuvchi ma’lumotlar hodisaga Eronning o‘zi aloqador bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Eron Ormuz bo‘g‘ozidagi janubiy Keshm oroliga yetib borgan neft to‘kilishi oqibatida yetkazilgan zarar uchun kompensasiya talab qildi. Eron TIV vakili Ismoil Bagaining ma’lum qilishicha, neft to‘kilishi bo‘g‘oz va Ummon dengizidagi suvlar holatining yomonlashishiga olib kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlar ifloslanish manbai xorijiy quruqlik yuk kemasi bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Biroq dunyo bo‘ylab kemalar harakatini kuzatuvchi amerikalik TankerTrackers resursi neft to‘kilishi 3 avgust kuni Ummon hududiy suvlarida Eron tomonidan Minoan Pioneer quruqlik yuk kemasiga qilingan hujumdan keyin sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumdan so‘ng neft suvga to‘kilgan va oqim orqali bo‘g‘ozdan Eron qirg‘oqlariga yetib borgan.

Bagai bunday neft to‘kilishlari so‘nggi o‘n yilliklarda Eronning sohilbo‘yi hududlariga trillionlab dollar miqdorida zarar yetkazganini ta’kidladi. U ifloslanish uchun mas’ul tomonlardan kompensasiya talab qildi.

Neft Keshm oroliga yetib borgan, ammo chorshanba kuni kechga kelib uning oqibatlari «deyarli to‘liq bartaraf etilgan». Bu haqda Eronning Hormozgon viloyati atrof-muhitni muhofaza qilish departamenti rahbari Habib Masihiy ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ifloslanish qirg‘oqning qariyb 32 ming kvadrat metr maydoni va 90 ming kvadrat metr suv hududiga ta’sir ko‘rsatgan.

Neft to‘kilishi 28 fevralda Yaqin Sharqda urush boshlanganidan beri Eronning Ormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati saqlanib qolayotgan bir paytda sodir bo‘ldi. Eron AQSh ittifoqchilari bo‘lgan Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan energetika resurslarini tashuvchi kemalar harakatini cheklamoqda.

So‘nggi kunlarda qo‘shni Ummon yaqinida ham yana bir neft to‘kilishi sodir bo‘ldi. Bunga tankerning sayoz joyga o‘tirib qolishi sabab bo‘lgan. Avvalroq Agence France-Presse surishtiruvi natijasida kema portlashlar oqibatida shikastlanganidan so‘ng bir necha hafta davomida Ummondagi Al-Qibliya oroli yaqinida bo‘lgani aniqlangan edi.

Kiritildi: 22:35 13.08.2026. O'qildi: 1137 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik