Tehron Vashingtonning mavjud taklifini qabul qilmasligini ma’lum qilib, Ummon orqali o‘zining «og‘ir va muvozanatli» muqobil taklifini taqdim etmoqchi. Eron, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni Isroilni yadroviy qurolsizlantirishga chaqirdi.
9 iyun kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Esmail Bag‘aiy AQSh bilan yadroviy muzokaralar doirasida Tehron yaqin kunlarda o‘zining muqobil taklifini Ummon orqali taqdim etishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonining taklifi Eron uchun qabul qilib bo‘lmas shartlardan iborat.
Bag‘aiy ta’kidlashicha, Vashingtonning may oyi oxirida taklif etgan rejasi oldingi muzokara raundlari natijalariga zid bo‘lgan va uran boyitish, zaxiralarni chetga chiqarish hamda sanksiyalarni to‘liq bekor qilish masalalarida muammolar qolgan. Eronning yangi taklifi esa «oqilona, mantiqiy va muvozanatli» bo‘lib, unda iqtisodiy foyda va xalqaro moliya munosabatlarini tiklash ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda muzokaralarning oltinchi raundi qachon bo‘lib o‘tishi noma’lumligicha qolmoqda. O‘tgan hafta Eron Oliy Rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy ham AQSh taklifini tanqid qilib, uran boyitishni mamlakat hududida davom ettirishini ma’lum qilgan edi. G‘arb mamlakatlari bunga shubha bilan qarayotgan bo‘lsa-da, Eron yadroviy dasturi tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlamoqda.
Bag‘aiy xalqaro hamjamiyatni Isroilning yadroviy qurol dasturini jilovlashga chaqirib, Tehron yaqin vaqtda ushbu masalaga oid maxfiy hujjatlarni e’lon qilishini bildirdi. Unga ko‘ra, muzokarachi tomonlar Isroilga diplomatik jarayonlarni buzish imkonini bermasliklari lozim.