Eron parlamentining Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi vakili Ibrohim Rizoiy agar Vashington tomonidan harbiy zarbalar qayta tiklansa, Tehron uranni qurol ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan 90 foizlik ko‘rsatkichgacha boyitishini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy dasturni qurollanish darajasiga ko‘tarish masalasi tez orada parlamentda muhokama qilinadi.
Bunday keskin bayonotlar AQSh prezidenti Donald Trampning Eron tomonidan ilgari surilgan so‘nggi tinchlik taklifini “mutlaqo qabul qilib bo‘lmas” deb rad etganidan so‘ng yangray boshladi. Tramp hozirgi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining istiqbolini juda past baholab, sulhning saqlanib qolish imkoniyati bor-yo‘g‘i “bir foiz” ekanini ta’kidlagandi.
Ayni paytda Eronning yadroviy dasturi va boyitilgan uran zaxiralari masalasi muzokaralardagi eng asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron ixtiyorida 400 kilogrammdan ortiq 60 foizgacha boyitilgan uran mavjud. Vashington ushbu zaxiralarni zudlik bilan mamlakatdan olib chiqilishi va boyitish jarayoni kamida 20 yilga to‘xtatilishini talab qilmoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ushbu ham masalaga qat’iy munosabat bildirib, Eronning yadroviy salohiyati to‘liq yo‘q qilinmaguncha, urushni tugagan deb hisoblab bo‘lmasligini aytgandi.