Biz unashtiruvgacha yoki nikohgacha bo‘lgan paytda, bo‘lajak kelinga turli xil hadya va sovg‘alarni jo‘natishdan aslo charchamaymiz. Nikoh bo‘lib o‘tgach esa, yillar o‘tib ketadiki, jufti halolimizga arzirli biron narsa hadya qilganimizni eslayolmaymiz. Bu juda katta xato.
Hazrat Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh aytadi:
Er ayoli bilan namunali oila bo‘lib hayot kechirishi uchun eng go‘zal omillardan biri shuki, er ayoliga vaqti-vaqti bilan hadya va sovg‘a berib tursin.
Ayol qayta-qayta bir narsani so‘rab olishi uni xursand qilmaydi. Er kishi himmat qilishi va xotiniga hadya berib turishi oila mustahkamligi uchun shart va zarurdir.
Agar buning hech imkoni bo‘lmasa, shirin so‘zimizni ayamaylik! Texnologiyalar rivojlangan bugungi davrda, kuniga bittagina shirin so‘zlar bitilgan xabar jo‘natish qiyin ishmas. Zero, yaxshi so‘z ham sadaqa, ham oila mustahkamligini saqlab qolishda yordam beruvchi asosiy omillardan biridir.