Bugun 10 fevral, 2026 yil, seshanba

КИР

Epshteyn ishi”ga aloqador Kir Starmerning iste’fosi ehtimoli yanada kuchaydimi?

Epshteyn ishi”ga aloqador Kir Starmerning iste’fosi ehtimoli yanada kuchaydimi?

“Epshteyn ishi”ga aloqador mojaro fonida Buyuk Britaniyaning Leyboristlar partiyasi bosh vazir Kir Starmerning atrofida birlashdi, deb yozmoqda BBC.

Starmerni avvalo Vazirlar mahkamasi a’zolari, so‘ngra parlamentdagi Leyboristlar fraksiyasi jamoasi ommaviy ravishda qo‘llab-quvvatladi.

BBC muxbirlarining xabar berishicha, fraksiya a’zolari bilan uchrashuvda deputatlar Starmerni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan. Uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan. Ammo keyinroq Dauning-strit bosh vazirning nutqidan parchalarni e’lon qildi.

"Men har qadamimda dushmanlar bilan to‘qnash keldim. Lekin men mamlakatimizni rivojlantirish uchun bor kuchim bilan harakat qildim. Shunday ekan, men hozirgi vaziyatda o‘z lavozimimdan voz kechishni ma’qul ko‘rmayman", — degan Starmer.

Ma’lumotlarga ko‘ra, partiya ichidagi raqobatchilar Starmerni Leyboristlarning reytingi keskin tushib ketishida, muxolifat esa mamlakat va uning iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha aniq reja va yagona strategiyaga ega emaslikda ayblamoqda.

Bosh vazirni almashtirish haqida yangi gap-so‘zlarga sabab bo‘lgan voqea lord Piter Mandelson atrofidagi mojaro hisoblanadi. U uzoq yillardan beri pedofil Jeffri Epshtyn bilan aloqada bo‘lgan va o‘tgan yili Buyuk Britaniyaning AQShdagi elchisi etib tayinlangan edi. Starmer bu qarordan chuqur afsusda ekanini bildirdi.

Shuningdek, yakshanba va dushanba kunlari bosh vazirning ikki asosiy maslahatchisi iste’foga chiqdi. Leyboristlar partiyasining Shotlandiyadagi yetakchisi Anas Sarvar esa Starmerni lavozimidan ketishga chaqirdi.

"Shunga qaramay, Starmerni partiya yetakchiligiga nomzod bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir nechta shaxslar qo‘llab-quvvatladi. Bosh vazir uchun xavf hali ham mavjud. Epshteyn mojarosidan tashqari, 26 fevralda parlament okruglaridan birida, may oyida esa Angliya, Shotlandiya va Uelsda mahalliy saylovlar o‘tkaziladi. Agar Leyboristlar kutilganidek natija ko‘rsata olmasa, Starmerning iste’fosi ehtimoli yanada kuchayadi", deyiladi BBC xabarida.

Kiritildi: Bugun 13:55. O'qildi: 344 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!