Qaror loyihasiga ko‘ra, quyidagi ob’ektlarga ham tashqi reklama ob’ektlari uchun oshirilgan koeffisiyent qo‘llaniladi.
Ochiq maydonlarda joylashtirilgan maxsus, vaqtinchalik yoki stasionar inshootlarga, shuningdek, binolar, inshootlarning tashqi yuzalariga, devorlarga, tomlarga, panjaralarga, ko‘cha jihozlari elementlariga, ko‘chalar va yo‘llarning qatnov qismida, avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalarida (AYOQSh) joylashtirilgan video-ekranlar, elektron displeylar, media fasad, grafik, matnli yoki boshqa reklama ko‘rinishidagi ma’lumotlarni (bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida) aks ettiruvchi, shuningdek, restoran, kafe, bar, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan yon-atrofidagi daraxtlarga, konstruksiyalarga osilgan illyuminasion va svetodiodli lampalar shodasi.
Bunda reklama ob’ektiga sarflanadigan elektr energiyasining hisobi alohida o‘rnatilgan elektr hisoblagich orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, elektr tarmoqlariga ulanish uchun elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) mos keladigan hisobga olish asboblari o‘rnatish ishlari 2024 yil 1 yanvardan boshlab, yuridik iste’molchilarning va 2024 yil 1 apreldan boshlab maishiy iste’molchilarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov tizimi joriy etiladi. Yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarasiz va behuda foydalanganlik uchun qo‘llaniladigan iqtisodiy jarimalar qo‘llash tizimi takomillashtiriladi.
2024 yil 1 yanvardan tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov qilmagan yuridik iste’molchilarga hisob-kitob yetkazib berilgan gaz qiymatiga nisbatan 1,4 koeffisiyentda hamda ta’minot korxonasiga oldindan to‘lovsiz yetkazib berilgan tabiiy gaz qiymatiga nisbatan 10 foiz miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash tizimi joriy etiladi.
Qaror loyihasida qayd etilishicha, elektr tarmoqlariga ulanish uchun elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) mos keladigan hisobga olish asboblari o‘rnatish ishlari 2024 yil 1 yanvardan boshlab yuridik iste’molchilarning va 2024 yil 1 apreldan boshlab maishiy iste’molchilarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bu hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hisobidan amalga oshirib kelinar edi. Energetika vazirligi "buni energiyaga sarfiga oid ma’lumotlarning qalbakilashtirilishi, “Hududiy elektr tarmoqlar” AJ ning moliyaviy imkoniyatlari hamda yangi iste’molchilar soni keskin o‘sib borayotgani" bilan izohlagan.