Bugun 11 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

Endi “Vatanparvar” tashkiloti Germaniyaga haydovchilar tayyorlaydi

A A A
Endi “Vatanparvar” tashkiloti Germaniyaga haydovchilar tayyorlaydi

Bugun Germaniya Federativ Respublikasining “SBH WEST GmbH” ta’lim va hunarmandchilik fondi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migrasiya agentligi va “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati xabar berdi.

Migrasiya agentligida o‘tgan tadbirda “SBH WEST GmbH” fondi boshqaruvchi direktori Peter Niemann, Migrasiya agentligi direktori o‘rinbosari Matlab Kuranovva “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov tomonidan imzolangan uch tomonlama memorandumning maqsadi O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiq yuk va yo‘lovchi tashish bo‘yicha professional haydovchilar tayyorlanib, ularning Germaniya mehnat bozorida vaqtincha faoliyat yuritishlarini ta’minlashdan iboratdir.

Memorandum shartlariga ko‘ra, Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolar “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarida yuk va yo‘lovchi tashish haydovchiligi bo‘yicha o‘qitiladi. Haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritgan nomzodlarni “SBH WESTGMBH” fondi tomonidan tanlangan vakillar va ish beruvchi kompaniyalar amaliy imtihondan o‘tkazadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan haydovchilarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Nomzodlardan nemis tilini muloqot qila olish darajasida bilishlari talab etiladi.

Bundan bir necha kun avval “SBH WEST GmbH” ta’lim va hunarmandchilik fondi boshqaruvchi direktori Peter Niemann boshchiligidagi delegasiya Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida bo‘lib, u yerda joylashgan “Vatanparvar” tashkiloti O‘quv sport texnika klubining avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kursi o‘quv moddiy texnik negizi bilan tanishgan va keyingi kuni tashkilot Markaziy kengashi raisi Husan Botirov bilan uchrashgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning sentyabr oyida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, ushbu memorandumning asosiy maqsadi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolarini shartnoma asosida xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish hisoblanadi.

Kiritildi: 14:28 18.01.2025. O'qildi: 1544 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!