UQK Belgorod viloyatiga kirib, Demidovka aholi punkti chekkasida o‘rnashib olganini Z-harbiy muxbirlar xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Ukraina Qurolli Kuchlari Belgorod viloyatining Krasnoyarujskiy tumanida, Sudjadan uncha uzoq bo‘lmagan joyda janglar olib bormoqda. "Novaya gazeta. Yevropa" telegram kanaliga ko‘ra, Ilek-Koshari qishlog‘i, Semeyniy xutori, Barilov, Noviy put, Dobrino aholisi o‘qqa tutilishlardan shikoyat qilmoqda. Atrofda uch kundan beri suv, aloqa, elektr ta’minoti va isitish tizimi yo‘q.
Gladkov Krasnoyarujskiy tumani aholisiga "hozircha o‘z uylaringizga qaytish mumkin emas, bu hayotingiz uchun xavfli" deb bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tumandagi vaziyat murakkab.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi xabar berishicha, 18 mart kuni Havo kuchlari Belgorod viloyatining Demidovka hududida joylashgan Rossiya Qurolli kuchlari 20-armiyasining 3-motoo‘qchi diviziyasi bo‘linmalaridan birining qo‘mondonlik punktiga zarba bergan. Natijada qo‘mondonlik punkti butunlay yo‘q qilingan.
«Upravleniye Z» harbiy kanali yozishicha, ertalab Krasnoyarujskiy tumani shimoli-g‘arbidagi Demidovka qishlog‘i yaqinida UQKning 35 kishilik guruhi kuzatilgan: "Har ikki tomon ham - dushman va biz - FPV dronlaridan juda faol foydalanmoqda". «Starshiy pogranotryada» kanali xabar qilishicha, ukrain harbiylar "ajdar tishlari" (himoya inshootlari) dan oldinga siljishga va Demidovka chekkasiga yaqinlashishga erishgan, "o‘q otishma davom etmoqda".
Z-bloger Ribar aytishicha, Ukraina Qurolli kuchlari aviasiyasi jang maydonini izolyasiya qilish uchun Grafovka qishlog‘idagi ko‘prikni ishdan chiqargan. Shuningdek, kanal ma’lumotlariga ko‘ra, Prilese qishlog‘i atrofida shiddatli janglar ketmoqda.
«Dva mayora» kanalining yozishicha, Demidovka qishlog‘i janglar natijasida "vayronaga aylangan".