II jahon urushi qatnashchilari 30 mln so‘m miqdorida mukofotlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofiserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, 9 may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan axborot berildi.
Avvalo, armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini rivojlantirish, shaxsiy tarkibga yangi tizim asosida ta’lim berish va kasbga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.
Xususan, jangovar shaylik yo‘nalishida qo‘shinlarda majmuaviy strategik va qo‘mondonlik shtab o‘quvlari, yig‘in, dala chiqishlari va o‘quv kurslari tizimli ravishda o‘tkazib kelinayotgani, bunda shaxsiy tarkibda axloqiy-ruhiy, real jangovar vaziyatlarda qo‘rquv va emosiyalarni boshqarish hamda dadil harakatlana olish kabi muhim jangovar sifatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Zamonaviy jangovar harakatlar tahlilidan kelib chiqib, barcha o‘quv, trening va mashg‘ulotlarda jang olib borishning yangi usul va shakllari o‘zlashtirilayotgani, bo‘linmalarning mobilligini, jangovar imkoniyatlarini va qo‘yilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani yuzasidan axborot berildi.
Har yili mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi yurtimizda tinchlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish, bugun oramizda sog‘-omon yashayotgan urush va mehnat faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning yorqin amaliy ifodasidir.
Joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotini to‘lash taklif qilindi.
Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulug‘lanadi. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.
Ona Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning mardligi va jasoratini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’naviy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkaziladi. Mamlakatimiz bo‘ylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.
Taqdimotda rezervdagi va zaxiradagi ofiserlarni tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, dunyoda yuz berayotgan harbiy mojarolar tahlili urush davridagi safarbarlik ehtiyojlaridan kelib chiqib, tinchlik davrida harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan ofiserlar zaxirasini shakllantirish va ularni mutaxassisliklar bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash dolzarb vazifa ekanini ko‘rsatmoqda.
Hozirgi kunda 4 ta oliy ta’lim va 2 ta oliy harbiy ta’lim muassasasining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlari va fakultetlarida 42 ta mutaxassislik bo‘yicha rezerv va zaxiradagi ofiserlar tayyorlanmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik o‘quv markazini tashkil etish taklif qilindi.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha ravishda “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha 3 yillik bakalavriat ta’limi asosida rezerv va zaxiradagi ofiserlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tibbiyot institutida esa ilk bor klinik ordinatura va magistraturaga qabul qilingan hamda harbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagini bildirgan talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitiladi. Bunday imkoniyat nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ham yaratiladi.
Bugungi kunda dolzarb bo‘lgan sun’iy intellekt, dron, robototexnika kabi zamonaviy va tor mutaxassisliklar bo‘yicha ham zaxira ofiserlari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari uchun ilg‘or xorijiy armiyalar tajribasi asosida yangi o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqiladi.
Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil 13 yanvar kuni Prezidentimiz, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mazkur masala ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan edi.
Jumladan, Mudofaa vazirligi ofiserlariga xizmat yillari uchun to‘lanadigan har oylik ustama miqdori ikki baravarga oshirish, kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik pul ta’minotini 10 foizga ko‘paytirish taklif qilindi.
Prezidentimiz takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularning ijrosi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, harbiy xizmat nufuzi va jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi hamda tegishli hujjatlarni imzoladi.