Tramp Kanadadan aroq, pivo va motosikl import qilishni taqiqladi.
AQSh va Kanada o‘rtasidagi bojxona mojarosi davom etmoqda. Vashington Ottavani yon berishga majburlash uchun bosimni kuchaytirmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z farmoni bilan 29 sentyabrdan Kanadadan ayrim tovarlarni import qilishni taqiqladi. Oq uy hujjatlariga ko‘ra, AQSh Kanadadan motosikl va mopedlar, ayrim turdagi vino va pivo, aroq va boshqa kuchli alkogolli ichimliklar, shuningdek, zardob proteinini import qilmaydi.
Bundan bir necha soat oldin Tramp AQSh davlat idoralarining xarid xizmatlariga ham Kanada tovarlarini sotib olishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Kanada savdo vaziri Dominik Leblan X ijtimoiy tarmog‘ida hukumati «AQShning so‘nggi bojxona choralarini» o‘rganayotganini va AQSh savdo vakili Jeymison Grir bilan aloqada ekanini ma’lum qildi.
«Agar AQSh muzokaralarni boshlashga tayyor bo‘lsa, hukumatimiz Kanada suverenitetini to‘liq hurmat qiladigan, xavfsizroq va o‘zaro manfaatli savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘yish uchun vijdonan va konstruktiv tarzda ishlaydi», — dedi Leblan.
Avvalgi AQSH–Kanada savdo muzokaralari natija bermagan. Shundan so‘ng avgust oyida AQSh Kanada tovarlariga 50 foizgacha boj joriy qildi. Ushbu choralar xokkey tayoqchalari, mebel, asal va vino kabi mahsulotlarga ham ta’sir qildi.
9 sentyabrga o‘tar kechasi Kanada ham AQShdan import qilinadigan ayrim tovarlarga javob tariqasida bojlar joriy qildi. Ular po‘lat va alyuminiy mahsulotlari, maishiy texnika, qishloq xo‘jaligi uskunalari, sellyuloza va qog‘oz, shuningdek, elektronika mahsulotlarini qamrab olgan. Ayrim boj stavkalari 50 foizga yetadi.
Tramp, shuningdek, agar ikki davlat kelishuvga erisha olmasa, 2027 yil 1 yanvardan avtomobillar, katta va kichik yuk mashinalari, avtomobil ehtiyot qismlari hamda po‘lat mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qildi.
Bu ikki davlat o‘rtasidagi avtomobil savdosiga jiddiy zarba berishi mumkin. 2024 yilda Kanadadan eksport qilingan barcha avtomobillarning 85 foizi AQShga yetkazib berilgan.
Tramp o‘zining bojxona siyosatiga izoh berar ekan, Kanada ko‘p yillar davomida AQShni «ekspluatasiya qilib kelgani»ni ta’kidlamoqda. Uning aytishicha, AQSh qo‘shnisi bilan savdoga bog‘liq emas.
Shu bilan birga, AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, Kanada mamlakatning ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi.