Osiyo Chempionlar ligasi Elit turnirining 2-turi doirasida Toshkentning "Paxtakor" klubi Saudiya Arabistonining "Al-Qodisiya" jamoasini qabul qildi.
"Paxtakor" markaziy stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Bahsning dastlabki bo‘limida mehmonlar hisobda oldinga chiqib oldi. 35-daqiqada Kristofer Bonsu Baaning uzatmasidan keyin Tijani Reynders to‘pni darvozaga yo‘llab, "Al-Qodisiya"ni oldinga olib chiqdi.
Birinchi bo‘lim yakunida "Paxtakor" hisobni tenglashtirishga yaqin keldi. 45-daqiqada Stefan Chinedu raqib darvozasini ishg‘ol qildi, biroq ofsayd sabab gol inobatga olinmadi.
Ikkinchi bo‘limda mezbonlar muvozanatni tiklash uchun hujumkor harakat qildi. 77-daqiqada bosh murabbiy Kamoliddin Tojiyev birdaniga uchta o‘zgarishga qo‘l urdi. Bashar Rasan, Stefan Chinedu va Flamarion o‘rniga Dostonbek Hamdamov, Ayman Husayn hamda Oybek Bozorov maydonga tushirildi.
Mazkur o‘zgarishlardan biri uchrashuv yakunida o‘z samarasini berdi. 89-daqiqada Dostonbek Hamdamov penaltini aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi — 1:1.
Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi va jamoalar bir ochkodan qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, "Paxtakor" Elit OCHLdagi ikkinchi o‘yinida ham durang qayd etdi. Toshkentliklar ikki turdan keyin 2 ochko bilan G‘arb mintaqasi turnir jadvalida 7-o‘rinni egallab turibdi.
"Al-Qodisiya" esa 4 ochko jamg‘arib, vaqtincha peshqadamlikka ko‘tarildi.
Elit OCHL. G‘arb mintaqasi, 2-tur
"Paxtakor" (O‘zbekiston) — "Al-Qodisiya" (Saudiya Arabistoni) — 1:1
Gollar: Tijani Reynders (35), Dostonbek Hamdamov (89, penalti).
"Paxtakor": Vladimir Nazarov, Hojiakbar Alijonov, Zaid Tahsin, Murtazo Puraliganji (Sardor Sobirxo‘jayev, 82), Muhammadrasul Abdumajidov, Sherzod Nasrullayev, Akmal Mozgovoy (Ibrohim Ibrohimov, 90+3), Bashar Rasan (Dostonbek Hamdamov, 77), Abdurauf Bo‘riyev, Flamarion (Oybek Bozorov, 77), Stefan Chinedu (Ayman Husayn, 77).
"Al-Qodisiya": Koen Kastels, Jihad Tiri, Gaston, Ali Badra Diabate (Yosir Ash-Shahroniy, 69), Yulian Vaygl, Natan Akosta, Musab Al-Juvayr (Muhammad Al-Qahtoniy, 69), Tijani Reynders, Kristofer Bonsu Baa (Sulaymon Sani, 81), Mateo Retegi (Abdulloh As-Salim, 90), Xulian Kinyones.