Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko saylovchilarning 87,6 foiz ovozini to‘plagan. Ikkinchi o‘rinni Sergey Sirankov 2,7 foiz ovoz bilan egalladi. Qolgan nomzodlar 2 foizlik chegarani bosib o‘ta olishmadi. Shuningdek, «barchasiga qarshi» degan variant uchun 5,1 foiz saylovchi ovoz bergan. Ushbu raqamlar Belarus Yoshlar tashkilotlari qo‘mitasining ekzit-poll ma’lumotlaridan olingan.
Prezident saylovlari Belarusda 26 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 08:00 dan 20:00 gacha bo‘lib o‘tdi. Saylovlar G‘arb kuzatuvchilari ishtirokisiz o‘tkazildi va xorijdagi saylov uchastkalari ochilmadi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovlarda ishtirok etish darajasi 85,7 foizni tashkil etdi.
Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas hamda qo‘shnichilik siyosati va kengayish masalalari bo‘yicha komissar Marta Kos Belarusdagi saylovlarni tanqid ostiga oldi. Ularning bayonotida 26 yanvarda o‘tkazilgan saylovlar «erkin va adolatli emas» deb ta’riflangan va Belarus xalqining «o‘z mamlakatini boshqaradigan shaxsni tanlashda haqiqiy ovozga ega bo‘lishi kerak» ekani ta’kidlangan.