Bugun 16 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Ektor Kuper bizni mundial sari yetaklab borishga qodirmi?

Ektor Kuper bizni mundial sari yetaklab borishga qodirmi?

Bugungi kunning bosh mavzusiga aylangan Kuper va O‘zbekiston milliy terma jamoasi haqida hamma joyda gapirilyapti, muhokama qilinyapti. Barchasiga sabab esa o‘sha Falastinga yutqazib qo‘yilgan o‘yin bilan bog‘liq. O‘ta yomon o‘yin va mag‘lubiyatdan so‘ng hammaning asabi buzildi, o‘sha paytda barchaning jaxli chiqdi. Bunday paytda inson xissiyotlarga berilib, jiddiy va ayovsiz tanqidlarga berilishi ham tabiiy. Mana, o‘sha uchrashuvdan keyin oradan bir necha kun ham o‘tdi. Endi do‘ppini bir chetga qo‘yib vaziyatni yaxshilab tahlil qilish va fikr yuritadigan payt. Chunki terma jamoamiz saralash bosqichining uchinchi turini oktyabrda o‘tkazadi va ungacha salkam bir oy vaqtimiz bor.

Ma’lumki, milliy terma jamoamiz a’zolari JCH-2022 ikkinchi saralash bosqichi boshlanishi oldidan va ayniqsa, safarga ketish arafasida O‘FA rahbariyati bilan alohida uchrashuv o‘tkazilgandi. O‘shanda futbolimiz mutasaddilari futbolchilarimizga va murabbiylarimizga ishonch katta ekanligini, butun xalqimiz jamoamizdan azaliy orzu hisoblangan jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishini kutayotganini va bu yo‘lda har bir o‘yinda g‘alaba qozonish naqadar muhim ekanligini aytgan holda Falastin bilan bahsda yigitlarga omad tilab, ularni qo‘llab-quvvatlagandi.

O‘z navbatida Kuper ham O‘zbekistonda ishlash asnosida uni bu yerda barcha narsa qoniqtirayotganini va jamoaning o‘yinidan, tayyorgarligidan qoniqayotganini aytgandi. Ikkinchi saralash bosqichiga qur’a tashlanganida, tan olaylik, barchamizga raqiblar yoqqandi-a? «D» guruhida terma jamoamizga Yaman, Singapur, Falastin va Saudiya Arabistoni raqiblik qilganini bilganimiz zahotiyoq hammamiz darhol biz uchun Saudiya asosiy raqobatchi dedik va go‘yoki bu guruhda 1-o‘rin bilan uchinchi bosqichga chiqa olishimizga ishona boshladik. To‘g‘ri, ishonch har doim kerak va bu eng muhim jihatlardan biri.

Lekin tanganing orqa tomoniga qaramabmiz. O‘zimiz uchun Saudiyani asosiy raqobatchi deya, boshqa raqiblarga bepisandlik bilan qaraganimiz o‘zimizga pand berib qo‘yganini sezmay ham qoldik. Falastin maydonida o‘tgan o‘yin biz uchun shu qadar katta zarba bo‘ldiki, buni hatto hayolimizga ham keltirmagandik. Maydonda kim o‘ynayapti deya futbolchilarimizni taniy olmadik. Biz o‘zimizcha bu guruhni nazar-pisand qilmasdan go‘yoki o‘zimizni uchinchi bosqichda tasavvur qilib, jahon chempionatiga chiqish haqida o‘ylashni boshlagandik-a?! Ammo Falastinning «zarbasi» ko‘zimizni ochdi va qarasak xuddiki, osmonlarda uchib yurgandek tush ko‘rayotgan ekanmiz.

Ha, o‘sha o‘yin 100 foiz murabbiyning xatosi va uning mag‘lubiyati. Bunga boshqacha izoh bildira olmaymiz. To‘g‘ri, maydonda Kuper va uning yordamchilari emas, balki futbolchilar o‘ynashadi. Lekin bizning yigitlar har doim bosh murabbiyning aytganini qilib, ko‘rsatmalariga amal qilgan holda o‘ynab kelishmoqda. Futbolchilarimiz Kuper yot desa yotishyapti, tur desa turishyapti. O‘yindagi xatolar ham aslida bir-biriga uzviy bog‘liq edi.

Chunki biz bu o‘yinga boshidanoq to‘liq tayyor emasdik. Ha, Kuper o‘yindan oldin biz tayyormiz dedi-yu, biroq, kechirasiz-u, bu kabi xukun o‘yin bilan tayyorman degan bo‘lsa, unda bilmadik, futbolga qanday ko‘z bilan qarayotgan ekan. Ustiga-ustak ushbu mag‘lubiyat Kupering obro‘siga ham ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa ajab emas. Eng alam qiladigani shundaki, futbolchilarimizning ko‘zi yonmadi, maqsad jahon chempionatiga chiqishmidi, ammo bu narsani jamoamizda sezmadik ham, ko‘rmadik ham.

Hammani shokka tushirib qo‘ygan o‘yin bo‘ldi. Falastin esa bu uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ekan. Biz tasodifan yutqazib qo‘ydik demagan bo‘lardim. Aslida esa bizning yigitlarimiz individual tomondan ham, jamoaviy o‘yin jihatidan ham Falastindan kuchli. Lekin maydonda go‘yoki boshqa futbolchilar o‘ynagandek tuyuldi. Baribir yigitlarimizda va murabbiylarimizda raqibni xotirjamlik bilan yutamiz, qabilidagi o‘y-xayollar qamrab olgani ham aslida bor gap. Chunki maydonda biz Saudiya yoki Yaponiya bilan o‘ynamayotgandik. Raqib o‘zimizdan kuchsiz bo‘lgan jamoa edi.

Bu esa baribir futbolchilarga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Lekin nima uchun futbolchilarimizning ko‘zi «yonmadi»? Nima uchun jamoamizning o‘yinida «azart» kuzatilmadi? Nima uchun biz Falastindan kuchsiz o‘ynadik? Aslida esa hamma savollar bosh murabbiyga qaratilgan. Birinchi navbatda Anzur Ismoilov yoki Quvondiq Ro‘ziyev xato qildi deb ulardan so‘ralmaydi, avvalo natija uchun Ektor Kuper so‘roq qilinadi. Tarkibni o‘zi tuzdi, futbolchilarni o‘zi tayyorladi, taktikani ham, ko‘rsatmalarni ham uning o‘zi berdi. Ammo Kuper boshchiligida jamoamiz bu qadar «ayanchli» o‘yin ko‘rsatishi yetti uxlab ham tushimizga kirmagandi. Xo‘sh, bu nimani anglatadi?

Birinchi o‘yindan keyingi xulosa shuki, biz jahon chempionatiga tayyor emasmiz! Biz bunday o‘yin bilan jahon chempionatiga chiqishga munosib emasmiz! Bunday fikrlar har birimizga achchiq botyapti, shundaymi? Aslida ham bu haqiqat. Butun xalqimiz oldingi saralashdagi voqealarni unutib, bu safargisiga yana umid qilishayotgan bir paytda yana xafsalani pir qilgan startdan keyin ochig‘i, nima deyishni ham bilmay qoldik. Qayerga bormaylik, hammaning og‘zida terma jamoaning sharmandali mag‘lubiyati muhokama qilinayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ming afsuski, biz mana shunday o‘ta og‘riqli zarbani qabul qilib olishga majbur bo‘ldik.

2-turda ham bir qator kutilmagan natijalar kuzatildi. Masalan, Saudiya Arabistoni Yaman bilan 2:2 hisobida durang o‘ynab qo‘ydi va qaysidir ma’noda bizning asosiy raqobatchimiz sanalgan jamoaning ham ochko yo‘qotishi bizga qo‘l keladigandek. Amaldagi Osiyo Kubogi sohibi Qatar esa o‘z uyida Hindiston darvozasiga gol ura olmay durang o‘ynab qo‘ydi. Lekin biz boshqalarning natijalariga ko‘p ham e’tibor qaratmasdan birinchi navbatda o‘zimiz haqimizda, o‘yinimiz xususida va murabbiy masalasida jiddiy bosh qotirmasak bo‘lmaydi.

Yodingizda bo‘lsa, boshida Kuperni super murabbiy deya ham maqtagandik, unga ishongandik. To‘g‘risi, uni endi himoya qilishga ojizman. O‘tgan bir yil davomida natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, biz hali tuzuk-quruq o‘sishga erishganimiz yo‘q. Bu achchiq haqiqat. Agar Falastinni yutganida balki bunday fikrga bormasdik, ammo bizdan kuchli bo‘lmagan jamoaga yutqazib qo‘yganimizdan keyin hammasi ochiq-oydin ko‘rinib qoldi. To‘g‘ri, biz uchun hali hech nima yo‘qotilgani yo‘q, oldimizda yana bir talay o‘yinlar turibdi.

Ammo Vadim Abramov aytganidek, endi biz Saudiyani Toshkentda ham, mehmonda ham yutishga majburmiz. Shuningdek, biz o‘syapmiz, rivojlanyapmiz deymiz-u, ammo aslida bunday emas ekan. Biz o‘z joyimizda depsinib turibmiz, vaholanki, boshqalar harakatda va kerak bo‘lsa bizdan o‘zib ketishmoqda ham. O‘sha Falastin, o‘sha Yaman, o‘sha Singapur ham harakat qilyapti, nimanidir o‘zgartirishga urinishyapti. E’tibor bering, biz hali Osiyoda o‘z o‘rnini topa olmayotgan jamoalar bilan hisoblashishimizga to‘g‘ri kelyapti. Bu yoqda esa favoritlar turibdi, hozircha esa bu mavzu haqida og‘iz ochmay turganimiz ma’qul.

Xullas, imkoniyatimiz borlikka bor-u, ammo endi Kuperning tajribasiga, uning loyihasiga shubha bilan qaraydiganlar keskin ko‘payib ketdi. Bitta gap aniq: unga ishonch kamayib ketdi. Bizning maqsadimiz bosh murabbiyni yerga urib, uni «qoralab» ishdan yo‘qotish emas, lekin uning boshchiligidagi jamoada biz yorqinlikni, ishonchni ko‘rmayapmiz. Vaholanki, biz faqat yaxshilik tarafdorimiz va terma jamoamizning azaliy orzusi hisoblangan mundialda O‘zbekistonni ko‘rishni istaymiz.

Yana bir gap: aslida biz o‘zimiz terma jamoamizni xorijlik murabbiy boshqarishini istagandik, to‘g‘rimi? Bungacha MTJni mahalliy murabbiylar boshqarishgani, ammo mundialga chiqa olmaganimiz aytildi. Shu sababli jamoani xorijlik malakali mutaxassisga ishonib topshirish kerakligini hamma qo‘llab-quvvatlagandi. Shunga asosan jahon chempionatida ishlagan, ko‘pni ko‘rgan, tajribali mutaxassis sifatida Ektor Kuper taklif etildi. Biz esa bu tayinlovdan qoniqdik va unga ishonch bildira boshladik. Lekin oradan bir yil o‘tgach, endi argentinalik murabbiy ham bizga yoqmay qoldi. Falastinga qarshi nursiz o‘yin va mag‘lubiyat rahbariyatni ham qattiq ranjitgani bor gap.

Odamlar orasida esa bosh murabbiyning iste’fosi haqidagi gap-so‘zlar ko‘paya boshladi. Hattoki, terma jamoamiz safardan qaytgan-u, ammo Kuper qaytmabdi, degan gaplarni ham aytishyapti. Ammo unday emas, argentinalik murabbiy jamoa bilan Toshkentga qaytgan. Lekin uning iste’foga chiqishi yoki chiqmasligi bizning qo‘limizdagi masala emas. Buni futbolimiz rahbariyati hal qiladi va hammasi ularga bog‘liq. Balki ular allaqachon boshqa murabbiyning nomzodini izlashga kirishishgandir yoki bo‘lmasa Kuperga oxirigacha ishonch va imkoniyat taqdim etilishiga ahd qilishgandir.

Ammo nima bo‘lganda ham O‘FA rahbariyati bosh murabbiy bilan ochiqchasiga, yakkama-yakka uchrashib, hammasini bafurja hal qilib olishsa kerak. Chunki o‘sha o‘yindagi mag‘lubiyat uchun bosh murabbiy hisobot topshiradi. Lekin ko‘pchilik ta’kidlayotganidek, uning shartnomasi bu yerda asosiy rolni bajaradi. Murabbiy bilan yaxshi niyatlar bilan 3+1 ko‘rinishida shartnoma tuzilgandi. Balki rahbariyat uning masalasini ko‘rib chiqayotgan bo‘lishi ham mumkin. Har holda olingan ma’lumotlarga qaraganda «Bunyodkor» bosh murabbiyi Vadim Abramovning nomzodi muhokama qilinayotgani borasidagi gap-so‘zlar tobora avj olmoqda. Balki O‘FA tez orada ushbu masalaga rasmiy bayonot berishi ham mumkin. Shunday ekan, voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

Kiritildi: 20:30 11.09.2019. O'qildi: 3244 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!