Evropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O'Sallivan Shvesiyadan Avinode kompaniyasiga nisbatan chora ko‘rishni va jinoiy ish qo‘zg‘atishni talab qildi. O‘tkazilgan jurnalistik surishtiruv shuni ko‘rsatdiki, ushbu kompaniya Rossiya elitasiga qo‘yilgan taqiqlarni aylanib o‘tib, Yevropaga shaxsiy aviaparvozlarni tashkil qilishda yordam bergan. Avinode shaxsiy samolyot egalari va brokerlar o‘rtasida vositachi vazifasini bajaradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya aviabrokerlari cheklovlarni aylanib o‘tish uchun Turkiya, Kipr va BAAda firmalar ochib, ushbu platforma orqali ishlashda davom etgan. Kompaniya vakillari esa xizmatlardan aslida kim foydalanayotganidan xabari bo‘lmaganini va yakuniy kelishuvlar platformadan tashqarida tuzilishini aytib, o‘zlarini oqlamoqda.
Biroq jurnalistlar o‘zlarini sanksiyaga tushgan rossiyalikning vakili sifatida tanishtirib, rus brokerlaridan parvoz takliflarini olishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu jarayonda brokerlar Avinode tizimidan foydalanishini tasdiqlashgan.