Albaniya poytaxti Tiranada bugun, 16 may kuni Yevropa siyosiy hamjamiyatining oltinchi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda Yevropaning 47 mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari, jumladan Germaniya kansleri Fridrix Mers, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, shuningdek, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va NATO bosh kotibi Mark Ryutte ishtirok etmoqda.
Politico nashrining yozishicha, Yevropa Moskvaga bosimni kuchaytirish niyatida. Bu qaror Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan Istanbuldagi muzokaralarda ishtirok etmagani sababli qabul qilinmoqda. Xususan, Rossiya eksportiga nisbatan jiddiy cheklovlar kiritishni o‘z ichiga olgan yangi sanksiyalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
"Biz “Shimoliy oqim-1” va “Shimoliy oqim-2”ga qarshi sanksiyalar, “soya floti” kemalari ro‘yxatini kengaytirish, neft narxining yuqori chegarasini pasaytirish va Rossiya moliya sektoriga nisbatan qo‘shimcha jazo choralarini o‘z ichiga olgan yangi sanksiyalar paketi ustida ishlayapmiz", — deya ma’lum qildi Ursula fon der Lyayen.
Ma’lumot uchun, Yevropa siyosiy hamjamiyatiga Yevropa Ittifoqining 27 a’zo davlati hamda Ozarboyjon, Armaniston, Gruziya, Moldova va Ukraina kabi 20 ta sherik davlat kiradi. Hamjamiyat 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy agressiyasi boshlanishiga javoban tashkil etilgan.