Evropalik diplomatlarning qayd etishicha, ushbu sanksiyalar paketi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar delegasiyalari orasida sezilarli ixtiloflarga sabab bo‘lmagan, shu sababli elchilar darajasidagi muzokaralar tez o‘tgan. Shu bilan birga, ayrim delegasiyalar Yevrokomissiya tomonidan yaqinda kiritilgan yangi tuzatishlarni chuqurroq o‘rganish uchun qo‘shimcha vaqt so‘rashgan.
"17-sanksiyalar paketi bo‘yicha navbatdagi muhokama 14 may kuni belgilangan, diplomatlar uning aynan shu kuni ma’qullanishi ehtimolini istisno etmayapti. Agar shunday bo‘lsa, sanksiyalar Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashining 20 may kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida rasman qabul qilinishi mumkin", deya xabar bermoqda DW.
Bu nuqtai nazarni Yevroittifoqning tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ham tasdiqlagan. U 8 may kuniyoq 17-sanksiyalar paketining yaqin kunlarda qabul qilinishiga umid qilishini bildirgan edi.
"Biz uni 20 may kuni bo‘lib o‘tadigan Tashqi ishlar kengashida qabul qilishni rejalashtirmoqdamiz. Unda juda ko‘p elementlar bor, ammo hali to‘liq kelishuvga erishilmagan. Rossiya tinchlikni istashi uchun biz unga nisbatan bosimni kuchaytirishimiz kerak, sanksiyalar esa mana shunday bosim vositalaridan biridir",— deya ta’kidladi Kallas.
Yangi sanksiyalar paketining eng muhim tarkibiy qismi sifatida Rossiyaning “soya flotiga” mansub yana 200 tagacha kema sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishini qayd etish mumkin. Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatidagi jismoniy va yuridik shaxslar ro‘yxatini ham kengaytirish rejalashtirilgan.