Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyadagi Le Monde gazetasi 7 hafta ichida messenjer haqida 40 ta salbiy maqola yozganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu platformani obro‘sizlantirishga qaratilgan media kampaniyaning bir qismi.
Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Fransiyaning yetakchi nashri — Le Monde gazetasini platformasiga nisbatan biryoqlama yoritishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Parijda hibsga olinganidan so‘nggi 7 hafta mobaynida gazetada Telegram haqida 40 ta salbiy material chop etilgan.
Durov ta’kidlashicha, ushbu maqolalarning aksariyatida platformaning rasmiy izohi so‘ralmagan va jo‘natilgan aniqlovlar ham e’tiborsiz qoldirilgan. U buni jurnalistik axloq qoidalariga zid holat sifatida baholadi.
Shu bilan birga, u fransuz ommaviy axborot vositalari Telegram’ga nisbatan qiziqishini yo‘qotmaganini qayd etdi. Yaqinda Le Monde o‘z o‘quvchilariga messenjer orqali piratcha futbol translyasiyalarini tomosha qilishlari haqida so‘rovnoma yo‘lladi. Durov bu harakatni Telegram’ga qarshi navbatdagi manfiy maqola tayyorlash uchun ma’lumot to‘plash deb baholadi.
Durovning ta’kidlashicha, bu kabi media muhit so‘z erkinligiga tahdid soladi. «Shuning uchun Telegram kabi platformalar muhim — biz odamlarga barcha nuqtai nazarlardan foydalanish imkonini beramiz. Biz odamlarning aqliga ishonamiz va ularga filtrlanmagan haqiqatni taqdim etamiz», — dedi u.
Ma’lumot uchun, Pavel Durov 2024 yil avgustda Parijda hibsga olingan edi. Unga kontentni yetarli darajada moderasiya qilmaganlik va rasmiy idoralar bilan hamkorlikdan bo‘yin tovlash ayblari qo‘yilgan. Keyinroq u €5 mln kafillik evaziga ozod etilgan, lekin Fransiyadan chiqishi taqiqlangan.