Ukrainadagi rus qo‘shinlarida transport vositalarining keskin yetishmasligi kutilmagan tarzda namoyon bo‘ldi. Ukraina pozisiyalariga hujum qilish uchun fuqarolik avtomobillari va elektr samokatlaridan foydalanilganidan so‘ng, eshaklar va otlar ishga tushdi. "Harbiy muxbirlar" aytishicha, hayvonlar o‘q-dorilarni tashish uchun ishlatilmoqda.
"Kirill Fyodorov / Urush tarixi Qurol" nomli telegram-kanalida Mudofaa vazirligi bo‘linmalardan biri uchun yuborgan yangi "arava transporti" haqida yozildi. "Jangchilarga o‘q-dorilarni oldinga olib borish uchun eshak berildi. Nima deb o‘ylovdingiz? Hozir avtomobillar tanqis!" - deya g‘azablanadi Z-bloger. Ta’kidlanishicha, Mudofaa vazirligining texnika va yuk tashish vositalari ro‘yxati to‘g‘risidagi buyrug‘iga ko‘ra, transport vositasi sifatida hayvonlardan, shu jumladan eshak va xachirlardan foydalanish mumkin.
"Rossiya harbiylari hayratlantirishda davom etmoqda. Qo‘mondonlik bo‘linmalarning logistika imkoniyatlarini ot-ulovlar - eshaklar va otlar hisobiga kengaytirmoqda," deya yozgan harbiy tahlilchi Yan MateEv, qo‘shimcha qilib, hozircha bu kamdan-kam uchraydigan holat ekanini, ammo "yarim yildan so‘ng yana nimalarni ko‘rishimizni kim biladi," degan.
"Novaya gazeta - Yevropa" Rossiyalik harbiy ekspert bilan suhbatlashdi. U, anonimlik sharti bilan, ehtimol, bu holatda mahalliy tashabbus haqida gap ketayotganini ma’lum qildi. Uning fikricha, hayvonlarni frontda qo‘llash ommaviy tus olishi dargumon. "Tashlandiq xo‘jaliklarda eshak yoki ot topib, ularni ishlatishni boshlashadi. Eshak yoki ot loyqada yo‘lsizlikni yengib o‘tib, masalan, oziq-ovqat yoki o‘q-dorilarni yo‘llardan uzoqda joylashgan o‘rmonzordagi tayanch punktiga yetkazib berishi mumkin," - dedi ekspert.
Ilgari Forbes rossiyalik askarlarning frontda otlardan foydalanayotgani haqida xabar bergan edi. Jurnalistlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan, Rossiya Federasiyasining ikki askari qishloq yo‘lida otda ketayotganini ko‘rsatuvchi videoga havola qilishgan."Qaranglar, Ukrainadagi yigitlar otni minib olishibdi," - deydi askarlardan biri. "Dunyoning ikkinchi armiyasi" o‘zining butun ko‘rkini namoyon qilmoqda. Rossiya imperiyasi davriga qaytayapmiz - otliq qo‘shin va milliy ozchilik vakillari to‘p o‘qi bo‘lish uchun. Bu askarlar tabiiy boyliklariga nihoyatda boy bo‘lgan Saxa Respublikasidandir. Biroq, Saxaning tub aholisi Ukrainada o‘g‘irlangan otlarda jang qilayotgan bir paytda, Moskva ularning olmoslari, oltinlari, gazi va neftidan kelgan daromadlar bilan o‘z xazinasini to‘ldirmoqda," - deya kadrlarga izoh berdi Ukraina Ichki ishlar vazirligi o‘rinbosari Anton Gerashchenko.