“Bloomberg” hisob-kitoblariga ko‘ra, 20-yanvar kuni Donald Trampning inaugurasiyasidan keyin yetti hafta ichida tadbirda qatnashgan beshta eng yirik milliarder umumiy hisobda 209 mlrd dollar yo‘qotdi.
Asosiy sabab yangi prezidentning iqtisodiy siyosati va kompaniyalarning bozor ko‘rsatkichlarining yomonlashuvi tufayli texnologik gigantlar aksiyalarining keskin pasayishi bo‘ldi.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan Ilon Mask bo‘lib, uning boyligi $148 mlrdga kamaydi — bu milliarderlar orasida eng katta pasayishdir. Dekabr oyida uning kapitali rekord darajadagi $486 mlrdga yetdi, ammo saylovlardan so‘ng “Tesla” aksiyalari keskin pasayishni boshladi va eng yuqori ko‘rsatkichlarning 55%ini yo‘qotdi.
10-mart kuni kompaniya qog‘ozlari 15,4%ga tushib ketdi — bu 2020-yildan beri eng yomon ko‘rsatkich bo‘lib, “Tesla” bozor kapitallashuvining $125 mlrdga pasayishiga olib keldi.
Tramp “Truth Social"da aksiyalarning qulashiga javoban “Tesla"ni qo‘llab-quvvatlab, yangi elektromobil sotib olishini aytdi.
Shundan so‘ng kompaniya aksiyalari savdo oldidan 5%ga ko‘tarildi, biroq tahlilchilar buni vaqtinchalik ta’sir deb hisoblashmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Tesla"ning asosiy muammosi siyosat emas, balki raqobat va past savdo ko‘rsatkichlaridir. Xitoyning “BYD” kompaniyasi allaqachon elektromobillar savdosi bo‘yicha “Tesla"ni ortda qoldirgan, “Model 2” arzon modelidan ($25 mingga) voz kechish esa talabga putur yetkazdi.
Boshqa milliarderlar qanday zarar ko‘rdi?
Saylovdan keyin AQSh fond bozori o‘sishni ko‘rsatdi, ammo Trampning iqtisodiy siyosati investorlarning kayfiyatini keskin o‘zgartirdi. Kanada, Xitoy va Meksikadan tovarlar uchun yangi bojlar, shuningdek, iqtisodiyotdagi noaniqlik S&P 500 indeksining 6,4%ga pasayishiga olib keldi, bu esa eng yirik korporasiyalarga zarba berdi.
Jeff Bezos “Amazon” aksiyalari 17-yanvardan beri 14%ga tushib ketgani tufayli $29 mlrd yo‘qotdi. Kompaniyalar uchun raqobatga dosh berish qiyin va Xitoy tovarlariga boj to‘lovlarining oshishi logistika xarajatlarini oshirishi mumkin.
Sergey Brin $22 mlrd.dan mahrum bo‘ldi. “Google"ga egalik qiluvchi “Alphabet” regulyatorlar bosimiga, shuningdek, reklama daromadlari o‘sishining sekinlashishiga duch keldi.
Mark Sukerberg $5 mlrd yo‘qotdi. “Meta” kompaniyasi yanvar oyida bozor qiymatining keskin o‘sishini boshdan kechirgan bo‘lsa-da, keyinchalik aksiyalar bu o‘sishning barcha natijalarini yo‘qotdi.
Bernar Arno ham $5 mlrd yo‘qotdi, chunki “LVMH” aksiyalari saylovdan so‘ng dastlab 20%ga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, keyinchalik hashamatli tovarlarga bo‘lgan talabning pasayishi oqibatida yana pastga tushdi.