Bugun 9 may, 2025 yil, juma

КИР

Dunyoning arzimasligi haqidagi hadislar

Dunyoning arzimasligi haqidagi hadislar

Alloh taoloning huzurida dunyo hech narsaga arzimasligi borasidagi hadisi shariflar juda ham ko‘p. Keling, ulardan ba’zilarini o‘rganib chiqaylik.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yelkamdan tutib turib: «Bu dunyoda xuddi g‘aribdek yoki o‘tkinchi yo‘lovchidek bo‘l. O‘zingni ahli qabrlardan sana», dedilar».

Ibn Umar: «Kech kirsa, tongni kutma. Tong otsa, tunni kutma. Sihatingdan bemorligingga, hayotingdan o‘limingga (foyda) olgin», der edi».
Buxoriy rivoyat qilgan.

Zuhd va raqoiq bobida kelgan barcha oyat va hadisi shariflardagi «dunyo hayoti»dan murod Alloh taoloni va oxiratni esdan chiqaradigan hoyu havas va mol-dunyolardir.

Ushbu hadisi sharifdagi Payg‘ambar alayhissalomning «Bu dunyoda xuddi g‘aribdek yoki o‘tkinchi yo‘lovchidek bo‘l. O‘zingni ahli qabrlardan sana» degan nasihatlari har bir kishi uchun doimiy zaruriy eslatmadir. Chunki odam bolasi bu dunyoda boqiy qolmasligini unutgan zahoti unda harom-xarishga, zulmga va boshqa barcha yomonliklarga qarshi tuyg‘u yo‘qoladi. Oqibatda u kiprik qoqmay gunoh qilishga o‘tadi.

Shuningdek, odam bolasi o‘zining bir kun kelib, ahli qabrlardan bo‘lishini unutsa ham, undan birin-ketin turli yomonliklar chiqib kelaveradi.

Insonda ushbu holat, ya’ni dunyodan ketishni va ahli qabrlardan bo‘lishni unutish tez-tez uchragani sababli Qur’oni Karim oyatlarida va hadisi shariflarda bu narsalar unga tez-tez va takror-takror eslatiladi.

Buyuk sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning yuqoridagi nasihatlaridan oliymaqom ibrat olgan, undan hosil bo‘lgan o‘ta hikmatli so‘zlarni boshqalarga ham aytib yurar edilar.

Ibn Umar: «Kech kirsa, tongni kutma. Tong otsa, tunni kutma. Sihatingdan bemorligingga, hayotingdan o‘limingga (foyda) olgin», der edi».

Eson-omon kunni kech qilib olgan odam tong otishini kutib, beparvo bo‘lishi mumkin emas. Kim biladi, ehtimol, o‘lim unga tongdan oldin kelar… Shuning uchun banda o‘ziga berilgan har bir fursatdan unumli foydalanishga harakat qilmog‘i lozim.

Inson sog‘lik vaqtini g‘animat fursat bilib, ibodat va yaxshi amallarni ko‘proq qilib olmog‘i kerak. Bemor bo‘lganda «Attang, sog‘liqning qadriga yetmabman», deyish foyda bermaydi.

Hayotlik chog‘ida zodi rohilani tayyorlab olmoq kerak. Vafot etgandan so‘ng «Attang, tirikligimda u qilsam bo‘lar ekan, bu qilsam bo‘lar ekan», deyishdan foyda yo‘q.

«Abu Ubayda Bahrayndan mol keltirdi. Ba’zi sahobalar intizor bo‘ldilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga:
«Allohga qasamki, men sizlar uchun faqirlikdan qo‘rqmayman. Men sizlar uchun dunyo sizga sizdan oldingilarga bo‘lganidek serob bo‘lishidan, siz ham ular uning uchun talashganlaridek talashib ketishingizdan va u ularni halok qilganidek, sizni ham halok qilishidan qo‘rqaman», dedilar».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan.

Amr ibn Avf Ansoriy al-Badriy roziyallohu anhudan qilingan quyidagi rivoyat bu hadisi sharifga ba’zi to‘ldirishlar kiritadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Ubayda ibn al-Jarrohni Bahraynga u yerning jizyasini olib kelish uchun yubordilar. Nabiy alayhissalom Bahrayn ahli bilan sulh tuzib, ularga Ahlaa ibn Hazramiyni amir qilgan edilar.

Abu Ubayda Bahrayndan molni keltirdi. Ansorlar uning kelganini eshitdilar va bomdod namozini Nabiy alayhissalom bilan o‘qidilar. U zot namozni o‘qib berganlaridan keyin burilib ketayotgan edilar, yo‘llarini ansorlar to‘sib chiqdilar. Nabiy alayhissalom ularni ko‘rganda tabassum qildilar va:

«O‘ylaymanki, sizlar Abu Ubaydaning bir narsa keltirganini eshitgansizlar», dedilar.

«Xuddi shunday, ey Allohning Rasuli!» deyishdi.

«Suyunaveringlar! O‘zingizni masrur qiladigan narsani orzu qilaveringlar! Allohga qasamki, men sizlar uchun faqirlikdan qo‘rqmayman. Men sizlar uchun dunyo sizga sizdan oldingilarga bo‘lganidek serob bo‘lishidan, siz ham ular uning uchun talashganlaridek talashib ketishingizdan va u ularni halok qilganidek sizni ham halok qilishidan qo‘rqaman», dedilar».

Payg‘ambar alayhissalom ummat ichida hamma mol-dun­yo­ga berilib, bir-birlari bilan halokatga olib boruvchi mol talashishga giriftor bo‘lishlaridan xavfsiragan ekanlar. Bu holat oldingi ummatlarni ham halok qilgan ekan, demak, keyingilarni ham halok qilishi turgan gap.

Muslimning rivoyatida:
«Dunyo yam-yashildir, shirindir. Albatta, Alloh sizlarni unga xalifa qilib qo‘yadi. Qanday amal qilishingizga nazar soladi. Bas, dunyodan qo‘rqinglar va ayollardan qo‘rqinglar. Shubha yo‘qki, Banu Isroilning avvalgi fitnasi ayollarda bo‘lgan», deyilgan.

Mustavrid ibn Shaddod roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«O‘zi o‘lib qolgan qo‘yning ustida turgan odamlarning ichida Rasululloh solallohu alayhi vasallam bilan birga men ham bor edim. O‘shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Egalari mana buni arzimas narsa deb tashlab yuborgan deb o‘ylaysizlarmi?» dedilar.

«Arzimagani uchun tashlab yuborishgan-da, Allohning Rasuli», deyishdi.

«Mana shu narsa egalari uchun qanchalik arzimas bo‘lsa, Alloh uchun dunyo bundan ham arzimas bir narsadir», dedilar».
Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.

Albatta, o‘zi o‘lib qolgan qo‘y egasi uchun tezroq qutulish kerak bo‘lgan yoqimsiz matohga aylanib qoladi. Alloh taolo uchun bu dunyo undan ham ko‘ra arzimasroq narsa ekan.

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Agar Allohning nazdida dunyo chivinning qanotichalik qimmatga ega bo‘lganida, kofirga undan bir ho‘plam suv ham bermas edi», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.

Shuning uchun ham Alloh taolo O‘ziga kufr keltirgan kofirlarga ham bu dunyo ne’matlarini beraveradi. Agar dunyo Alloh taoloning nazdida biror qimmatga ega bo‘lganida, undan kofirga hech narsa bermas edi. Chunki u o‘zining kufri ila biror qimmatli narsaga ega bo‘lish huquqidan mahrum bo‘lgan. Mo‘min-musulmonlar ham mol-dunyo to‘plash bilan Alloh taoloni rozi qila olmaydilar. Ammo o‘sha mol-dunyoni Alloh taolo rozi  bo‘ladigan yo‘l bilan to‘plab, U Zotni rozi qiladigan yo‘lda sarflash bilan savobga erishish mumkin.

Banu Fehrning birodari Mustavrid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bu dunyo oxiratning oldida birortangiz barmog‘ini dengizga botirgani(da ilashgan suv)chalik ham emas. Bas, (o‘sha barmog‘i) nima bilan qaytishiga nazar solsin», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.

Agar banda butun olamdagi mol-dunyoni to‘plab, oxiratga olib borsa ham, unga biror foyda bermaydi. Agar butun olamdagi mol-dunyo to‘plansa ham, bu narsa oxiratda xuddi bitta barmoqni dengizga solganda hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganidek turaveradi.

Shuning uchun har bir banda bu dunyodan oxiratga nima bilan qaytishiga nazar solmog‘i lozim. Agar oxiratda biror maqomga erishish niyati bo‘lsa, shunga loyiq iymon, ibodat va solih amallarni qilishi kerak. Jumladan, mol-dunyoni ham o‘sha maqsadda ishlatishi zarur.

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Dunyodagi zohidlik halolni harom qilish bilan ham, molni zoye qilish bilan ham emasdir. Lekin dun­yo­dagi zohidlik ikki qo‘lingdagi narsani Allohning qo‘lidagi narsadan ko‘ra ishonchliroq deb bilmasligingdir, o‘zingga yetgan musibatning savobiga yetishni uning senga yetmay qolishidan ko‘ra ko‘proq istashingdir», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifni to‘liq ma’noda islomiy zohidlikning mukammal ta’rifi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Islomda Alloh taolo halol qilgan narsadan o‘zini olib qochish ila zohidlik qilishga yo‘l yo‘q.

Islomda mol-dunyoni zoye qilish bilan zohidlik qilish mumkin emas. Islomda mol-dunyoni olib, tashlab yuborgan yoki uni boshqa turli yo‘llar bilan zoye qilganlar zohid deyilmaydi.

Islomda o‘z qo‘lida turgan narsadan ko‘ra Alloh taolo beradigan savobga ko‘proq ishonish zohidlik deyiladi. Musulmon zohid o‘z qo‘lida turgan dunyo matohiga qul bo‘lib qolmaydi, balki u o‘sha qo‘lidagi matohni ham Alloh taoloning huzuridagi savobni olish uchun sarf qiladi.

Musulmon zohid dunyoning boshqa barcha orzu-havaslariga ham shunday qaraydi. O‘ziga yetgan moddiy ne’matlarni hayotning maqsadi deb bilmaydi, balki hayotning asosiy maqsadi bu dunyoda oxirat uchun zodi rohila to‘plab olishdir, deb biladi. U o‘ziga berilgan ne’matlarni zoye qilmaydi, balki to‘g‘ri yo‘lda ishlatadi. Bu ne’matlar mo‘minning qalbini ishg‘ol qilib olib, Alloh taoloning huzuridagi narsalarni unuttirib qo‘ymaydi.

Shuningdek, musulmon zohid bu dunyoning musibatlariga ham alohida munosabatda bo‘ladi. U o‘ziga musibat yetsa, sabr qilib, savob olishga harakat qiladi. Musulmon zohid bo‘lib o‘tgan ishga afsus qilib, o‘ziga yetgan musibat yetmaganda yaxshi bo‘lar edi, deb orzu qilmaydi.

Ka’b ibn Iyoz roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Har bir ummatning o‘z fitnasi bor. Mening ummatimning fitnasi moldir», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.

«Fitna» so‘zining ma’nolaridan biri «sinov»dir. Darhaqiqat, mol-dunyo musulmon ummati uchun bosh sinov bo‘ldi. Ko‘pchilik mol-dunyo sababli fitnaga uchragan. Ba’zi kishilarning mol-dunyoga mubtalo bo‘lganlarida o‘zlaridan ketib, halok bo‘lganlari ma’lum. Shuning uchun mo‘min-musulmon odam har doim mol-dunyo fitnasiga uchramaslik choralarini ko‘rib yurishi, jumladan, taqvo va zohidlik yo‘lidagi tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi lozim.Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 
(Zuhd va hayo kitobidan)

Manba: azon.uz

Kiritildi: 15:27 29.10.2018. O'qildi: 19766 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!