Bugun 19 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Dunyoga dong‘i taralgan o‘zbek noni haqida kitob nashr etiladi 

A A A
Dunyoga dong‘i taralgan o‘zbek noni haqida kitob nashr etiladi 

O‘zbek dasturxonini tandirdan yangi uzilgan nonsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Non ham palov singari xalqimizning nomoddiy madaniy merosi hisoblanadi, zero uning ham o‘ziga xos tarixi bor. O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar ham doim o‘zbek noni ta’miga yuqori baho berib, hatto o‘zlari bilan birga olib ketishadi.

Mashhur va mazali o‘zbek nonlari haqida taniqli oshpaz Baxriddin Chustiy kitob yozib, nashrga tayyorladi. O‘zbekistonning har bir hududida tayyorlanadigan nonlar bir-biridan farqlanadi. Shuning uchun Baxriddin o‘zbek nonlarini tayyorlash reseptlari va texnologiyalariga oid bilimlarini yanada boyitish hamda ularni bir kitobga jamlash maqsadida mamlakatimiz hududlari bo‘ylab sayohat qildi.

Chustiyning aytishicha, ushbu kitobda 50 dan ortiq turdagi non va non qo‘shib tayyorlanadigan 10 xil taom resepti jamlangan. “Ular orasida qadimgi unut bo‘lgan va barchaga ma’lum bo‘lgan reseptlar, shuningdek yangi tadqiqotlar keltirilgan. Shuning barobarida kitobdan non va nonli taomlarni pishirish madaniyati va urf-odatlari, tandir, chakich va non bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar bor”, - deydi oshpaz.

Kitob dastlab o‘zbek tilida nashr etiladi, keyinroq uni rus, ingliz va turk tillaridagi versiyalarini nashr etish rejalashtirilgan. O‘zbek noni haqidagi kitobni nashrga tayyorlash ustida katta professional guruh ish olib bordi. Bugungi kunga kelib kitob chop etishga tayyor va yaqin kunlarda nashr etiladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu kitob O‘zbekistonning gastronomik madaniyatini yanada ommalashtirish yo‘lida xizmat qilib, shubhasiz, gastronomik turizm rivojiga o‘z hissasini qo‘shadi. 

Kiritildi: 22:00 15.04.2020. O'qildi: 3220 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!