Finlyandiya ketma-ket sakkizinchi yil dunyoning eng baxtli mamlakati sifatida tan olindi. Tegishli ro‘yxatda Daniya ikkinchi, Islandiya uchinchi o‘rinni egallagan.
2023 yildagi kabi, o‘tgan yil ham kuchli uchlik safi o‘zgarmagan. Shvesiya, Niderlandiya, Kosta-Rika, Norvegiya, Isroil, Lyuksemburg va Meksika kuchli o‘nlikdan joy olgan.
Dunyoning eng qudratli davlati hisoblangan AQSh atigi 24 o‘rinda. Afg‘oniston hozircha yer yuzidagi eng baxtsiz yurt ekan. Shuningdek, quyi pog‘onalarda Syerra-Leone, Livan, Malavi, Zimbabve, Botsvana, Kongo Demokratik Respublikasi va Yaman qayd etilgan.
Eng baxtli mamlakatlar reytingi ilk bor 2012 yil e’lon qilingan edi. Mazkur tadqiqotda turmush farovonligini ta’minlaydigan olti asosiy omil hisobga olinadi: ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, daromad, sog‘liq, erkinlik, saxiylik va korrupsiya yo‘qligi. Hukumatlar ushbu tahlildan baxtga erishish siyosati yo‘nalishlarini aniqlab olish uchun foydalanadi.
Natija an’anaviy tarzda 20 mart – Xalqaro baxt kunida e’lon qilinadi.