Bir asrdan oshibdiki, bu ko‘l hayrat bilan birga, odamlarda qo‘rquv ham uyg‘otib keladi.
Uyqudagi ajdar sifatida ko‘riladigan Sarez ko‘li tabiiy ofat natijasida paydo bo‘lgan. 1911 yilning 18 fevral oqshomida G‘arbiy Pomirda 9 ballga teng kuchli yer qimirladi. O‘shanda Murg‘ab va Bartang qishloqlarida 105 kishining halok bo‘lgani (qishloqda bo‘lmagan atigi to‘rt kishi tirik qolgan) aytilgan edi. Ammo qo‘shni Afg‘oniston hududlarida 700 kishining vafot etgani ma’lum qilingan. Shundan xulosa chiqarsa bo‘ladiki, Sarez zilzilasining markazi Afg‘oniston hududlarida bo‘lgan.
Zilzila oqibatida yuz bergan ko‘chki Murg‘ab daryosiga to‘siq qo‘ydi. Usoy qishlog‘i tuproq va suv ostida qoldi. Balandligi 567 metr, uzunligi besh kilometrni tashkil qilgan tabiiy to‘g‘on Sarez ko‘liga asos bo‘ldi. Bugungi kunda Pomirdagi eng yosh ko‘lning uzunligi 70 kilometrni, chuqurligi esa 505 metrni tashkil qilib, 19 milliard kub metr suvni o‘z bag‘rida ushlab turibdi. Bu degani Sarez dunyodagi eng baland ko‘l sifatida ko‘riladi, deganidir.
2000 yilda Sarez ko‘li bilan bog‘liq tahdidlarni kamaytiruvchi xalqaro loyiha ishga tushirildi. Loyiha homiysi Jahon banki, kuratori esa Shveysariyaning “STUCKY“ firmasidir. Loyihaga ko‘ra, halokatdan ogohlantiruvchi qurilma o‘rnatildi, aholi esa xavfdan saqlanish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tadi.
Manba: uza.uz