Qahvani sevuvchilar tez orada o‘zlarining sevimli ichimliklari narxining oshishiga duch kelishlari mumkin, chunki xalqaro savdo bozorlarida qahva narxi eng yuqori darajaga yetdi.
BBC xabariga ko‘ra, 10 dekabrda dunyodagi eng ko‘p ishlab chiqarilgan Arabica navining narxi bir funt (0,45 kilogramm) uchun 3,44 dollardan oshgan. Bu holat dunyodagi ikki yirik qahva ishlab chiqaruvchilari - Braziliya va Vyetnamning yomon ob-havodan aziyat chekayotgani va ichimlikning tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq.
BBC bilan suhbatlashgan ekspertlardan biri qahva brendlari joriy yilning o‘zidayoq narxlarni oshirish haqida o‘ylashayotganini aytdi.
Tuan Loc Commodities kompaniyasi bosh direktori Vin Nguyenning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda yirik qahva ishlab chiqaruvchilari mijozlarni yo‘qotmaslik va bozor ulushini saqlab qolish uchun narxlarni ko‘tarmagan, biroq hozir vaziyat o‘zgarmoqda.
“JDE Peet, Nestle va boshqa shunga o‘xshash brendlar xomashyo narxining ko‘tarilishidan qattiq ta’sirlandi”, - dedi u.