2026 yilning birinchi choragida Dubayda havo taksilari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Dubay transport va yo‘llar boshqarmasi transport texnologiyalari departamenti direktori Xolid Al-Avadiy ma’lum qildi, deb yozadi RIA Novosti.
“2026 yilning birinchi choragida havo taksi xizmatini yo‘lga qo‘yish rejamiz bor. Hozirda AQShning Joby Aviation kompaniyasi bilan birgalikda avtomobilni sinovdan o‘tkazish va sertifikatlash ustida ishlayapmiz. Shuningdek, “vertiportlar”ni ishlab chiqadigan Buyuk Britaniyaning Skyports kompaniyasi bilan stansiya loyihasini boshlayapmiz”, – deydi u.
Xolid Al-Avadiyga ko‘ra, Dubayda taksilar uchun to‘rtta vertikal aeroport qurish rejalashtirilmoqda. Ulardan ikkitasi 2026 yil boshida ishga tushiriladi. Infratuzilma ob’ektlaridan tashqari havo taksilari uchun monitoring va xavfsizlik xizmati ham yaratiladi.
“Hamkorlarimiz bilan ushbu xizmatni iloji boricha qulayroq qilish uchun ishlayapmiz. Bu an’anaviy vertolyotlardan foydalanishdan ancha arzon bo‘lishiga ishonamiz. Shuningdek, u limuzin ijarasidan ham arzonroq yoki deyarli bir xil bo‘ladi”, – deydi Avadiy.
Uning qayd etishicha, elektr dvigatelli havo taksilari oddiy vertolyotlarga qaraganda 100 barobar kamroq ovoz chiqaradi. General Motors bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan haydovchisiz taksi mashinalari esa 2025 yildayoq faoliyat boshlaydi. Ayni paytda ular sinovdan o‘tkazilmoqda.
“Biz limuzin xizmatini gibrid va elektr dvigatellari orqali 2026 yilgacha butunlay ekologik toza qilishni rejalashtirmoqdamiz. Rejalarga ko‘ra, 2035 yilga borib, Dubayning barcha taksilari va 2050 yilga kelib butun avtobus parki faqat elektr dvigatelli avtobuslaridan iborat bo‘ladi”, – deydi Xolid Al-Avadiy.