Ijtimoiy tarmoqlarda dorixonalarda o‘tkazilgan tezkor reydlar natijasida «Yodomarin», «Kardiomagnil» va «Nimesil» dorilarining qalbaki turlari aniqlanganligi haqida turli xabarlar tarqalmoqda. “MER Kardimagnis”, “Nimesul” va “Yodo-Narim” dori vositalarining sifati borasida bildirilgan xavotirli fikrlar yuzasidan Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Aytib o‘tish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvarda tasdiqlangan "Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra:
Dori vositalari, tibbiy buyumlari va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi (12-modda);
Ma’lumot uchun: “MER Kardimagnis”, “Nimesul” va “Yodo-Narim” dori vositalari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan.
Farmasevtika faoliyatining dori vositalarini hamda tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish yo‘nalishlari belgilangan tartibda beriladigan lisenziya asosida amalga oshiriladi (15-16-moddalar);
Ma’lumot uchun: “MER Kardimagnis”, dori vositasini ishlab chiqargan «Merrymed farm» MCHJ, “Nimesul” dori vositasini ishlab chiqargan "Dentafill Plyus" MCHJ, “Yodo-Narim” dori vositasini ishlab chiqargan “Malika Laboratories” MCHJ kompaniyalari farmasevtik faoliyat uchun lisenziya berilgan korxonalar ro‘yxatida mavjud.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 yanvardagi 43-son qaroriga muvofiq, farmasevtika mahsulotlari Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan mahsulot hisoblanib, “MER Kardimagnis”, “Nimesul” va “Yodo-Narim” dori vositalari Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tomonidan o‘rnatilgan tartibda sertifikatlashtirish maqsadida sinovlardan o‘tkazilgan va sifatini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tegishli qonun xujjatlariga asosan, “MER Kardimagnis”, “Nimesul” va “Yodo-Narim” dori vositalari:
➖ Farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish faoliyati uchun berilgan lisenziyaga ega korxona tomonidan ishlab chiqarilganligi;
➖ Belgilangan tartibda Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib “Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat reestri”ga kiritilganligi;
➖ Akkreditasiyadan o‘tgan sertifikatlashtirish organlari tomonidan tegishli laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilib, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan mahsulot ekanligini va bu dori vositasining sifati borasida yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklari kerakligini bildiradi.