O‘zbekistonda yoshlar orasida “dorixona narkomaniyasi” tobora ommalashib bormoqda. Respublika bosh narkologi Zarifjon Ashurovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda 5 mingga yaqin odam narkologik bemorlar dispanserida hisobda turibdi, ulardan biri esa 10 yoshli bola.
Ashurovning ta’kidlashicha, yoshlar orasida giyohvandlikka ko‘p hollarda psixologik muammolar sabab bo‘lmoqda.
Ularning aksariyati “yaqinlarim meni eshitmaydi”, “fikrim bilan hech kimning ishi yo‘q” kabi sabablarni keltiradi.
Bu muammo, ayniqsa, sintetik narkotiklar va dorixona narkomaniyasining keng tarqalishi bilan bog‘liq.
2019 yilda kuchli ta’sir etuvchi dorilarni faqat resept asosida sotish tartibi joriy etilgan bo‘lsa-da, noqonuniy savdo holatlari davom etmoqda. Toshkentda o‘quvchilar orasida sintetik narkotiklar iste’molining ko‘payganini ta’kidlayotgan mutaxassislar, bu holatni inkor qilib bo‘lmasligini aytishmoqda .