«Walt Disney» kompaniyasi xarajatlarni qisqartirish maqsadida minglab ish o‘rinlarini tugatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya rahbariyati yillik xarajatlarni 20 foizga kamaytirishni maqsad qilgan. Bunga xodimlarni ishdan bo‘shatish va boshqa xarajatlarni qisqartirish orqali erishish ko‘zda tutilgan. Qisqartirishlar, asosan, kompaniyaga tegishli telekanallar, kinostudiyalar va ko‘ngilochar bog‘larga ta’sir qilishi kutilmoqda.
Kompaniya bosh direktori Josh D’Amaro tejalgan mablag‘ning bir qismini kino va televideniye kontentini, tematik bog‘lar hamda kruiz biznesini rivojlantirishga yo‘naltirmoqchi.
So‘nggi yillarda Disney allaqachon milliardlab dollarlik xarajatlarni qisqartirib, minglab xodimlarini ishdan bo‘shatgan. Bu jarayon ABC va ESPN telekanallari, Pixar va Disney kinostudiyalari, shuningdek, ko‘ngilochar xizmatlar bo‘limiga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Kompaniyaning o‘tgan moliyaviy yili yakunida xodimlari soni taxminan 231 ming nafarni tashkil etgan.
Bloomberg qayd etishicha, Netflix, Sony Pictures, Paramount hamda Warner Bros. kabi raqobatchilar ham an’anaviy televideniyedan tushadigan daromad kamayishi va striming xizmatlari obunachilari o‘sishi sekinlashishi fonida ish o‘rinlarini qisqartirmoqda.