Ukraina Ombudsmani Dmitriy Lubines BMT va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga Ukraina harbiy asirlarining qatl etilishi haqidagi navbatdagi xabarni tekshirish iltimosi bilan murojaat qildi.
Ukrainaning Deepstate loyihasiga ko‘ra, 10 oktyabr kuni rus harbiylari Kursk viloyatida asirga olingan to‘qqiz nafar ukrainalik askarni otib tashlagan.
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, voqea xuddi shu kuni rus bo‘linmalari egallab olgan Zelyoniy Shlyax qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan.
"Bunday harakatlar harbiy asirlar bilan muomala qilish to‘g‘risidagi Jeneva konvensiyasini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Bu harakatlar jazosiz qolmasligi, dushman to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak", — dedi Lubines.
Rossiya tomoni Kursk viloyatida harbiy asirlarning o‘ldirilishi haqidagi ayblovlarga hozircha izoh bermadi.