Xitoyning DeepSeek startapi atigi 5.6 million dollarga yangi sun’iy intellekt modeli yaratib, global texnologiya bozorida keskin o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Chatbot AQSh va Buyuk Britaniyada Apple ilovalar do‘konida ChatGPT'ni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi.
Buning ta’sirida:
- Nvidia kompaniyasi bir kunda 465 milliard dollar yo‘qotdi - bu AQSh fond bozori tarixidagi eng katta kunlik yo‘qotish
- Microsoft 130 milliard dollar yo‘qotdi
- Google kompaniyasi 80 milliard dollar yo‘qotdi
- Tesla, Meta va Amazon aksiyalari ham keskin pasaydi
- Yevropa texnologiya aksiyalari 4.5% ga tushdi
DeepSeek asoschisi Lyan Venfeng: "Sun’iy intellekt hamma uchun arzon va qulay bo‘lishi kerak", deya ta’kidladi. U 2021 yilda hobbi sifatida AI modellari yaratishni boshlagan.
Ahamiyatli jihati: DeepSeek chatboti AQShning eng ilg‘or texnologiyalarisiz yaratilgan bo‘lsa-da, sifat jihatidan Google, Meta va Anthropic modellaridan ustun chiqdi. Bu esa yirik texnologiya kompaniyalarining yuz milliardlab dollarlik xarajatlari samaradorligini shubha ostiga qo‘ymoqda.
AQShlik taniqli investor Mark Andressen bu voqeani sovuq urush davrida SSSRning birinchi sun’iy yo‘ldoshni uchirishiga qiyosladi - chunki o‘sha paytda amerikaliklar to‘satdan kosmik poygada SSSRdan orqada ekanligini tushunib qolishgan edi. DeepSeek xuddi shunday hech qayerdan paydo bo‘lib, AQSh aslida ortda qolayotganini ko‘rsatib qo‘ydi.