Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari O‘zbekistonda insonlarning hayot sikli davomida iste’mol xarajatlari va daromadlari o‘zgarishidagi xususiyatlar hamda qarz munosabatlariga kirishishini tahlil qildi.
Ta’kidlash kerakki, iqtisodiy nazariya (barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi) rasional (oqil) inson hayoti davomida iste’molini (hozir va kelajakka og‘ishlarsiz) bir maromda taqsimlaydi, degan fikrni ilgari suradi.
Ya’ni rasional insonlar daromadi past bo‘lgan (bolalik va yoshlik) davrida yetarli darajada iste’molni ta’minlash (ta’lim xarajatlarini qoplash, uy va uy jihozlari) uchun (ota-ona, davlat va jamiyatdan) muddatli qarz oladi. Keyinchalik daromadi nisbatan baland bo‘lgan o‘rta yoshlarda qarzini qaytaradi, keyingi avlodga qarz beradi va ortganini keksalikka jamg‘aradi. Keksaygan chog‘ida esa qolgan jamg‘armalarini iste’mol qiladi.
Barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi O‘zbekiston uchun ham taalluqli. Unga ko‘ra, insonlarning daromadlari 30 yoshgacha tezlik bilan o‘sadi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30-50 yosh oralig‘ida saqlanib turadi va 60 yoshdan so‘ng keskin pasayadi. Bu o‘z navbatida, daromad va iste’mol orasidagi farq qarz olish orqali kompensasiya qilinishi zarurligini bildiradi.
O‘zbekistonda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov (450 kishi) natijalariga ko‘ra, yosh oilalar (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 38 yosh) boshqa oilalarga nisbatan (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 49 yosh) daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflayotganini ma’lum qilgan. Bu yuqoridagi nazariy qarashga (barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi) mos keladi.
Bunda, respondentlarning 18 foizi maishiy texnika, 22 foizi uy-joy, 13 foizi avtomobil, 10 foizi o‘qish uchun shartnoma to‘lovi, 11 foizi telefon uchun qarz olganligi ma’lum bo‘ldi. Respondentlarning qolgan 34 foizi qarzi yo‘qligini bildirgan. Shundan 18 foizi o‘z jamg‘armasi borligini bildirgan.
So‘rov natijalari bo‘yicha aholining 10 foizi tijorat do‘konlaridan muddatli to‘lovga qarz olishni (10 foizi bank kreditini, qolganlar o‘z va yaqinlari mablag‘i bo‘lishini) afzal ko‘rishini inobatga olib, O‘zbekistonda tobora ommalashib borayotgan muddatli to‘lovga uy jihozlarini taklif etish bozori o‘rganildi.
Bunda eng ommabop 13 ta internet do‘konidagi talab yuqori bo‘lgan bir xil rusumdagi smartfon, muzlatgich, televizor hamda kondisionerlarning muddatli to‘lov narxlari tahlil qilindi.
Ma’lumot uchun: Statistika agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2022-yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga 309 ta mobil telefon, 115 ta muzlatgich, 171 ta televizor va 45 ta kondisioner to‘g‘ri kelgan.
Natijalar shuni ko‘rsatadiki, tanlangan bir xil rusumdagi telefon o‘rtacha 4,8 mln. so‘mdan, muzlatgich 8,1 mln. so‘mdan, televizor 6,8 mln. so‘mdan va kondisioner 6,1 mln. so‘mdan sotilayotganligi aniqlandi.
Aynan mazkur tovarlar do‘konlar tomonidan 12 oyga muddatli to‘lov orqali yillik stavkasi o‘rtacha 70 foizdan 77 foizgacha xaridorlarga taqdim etilmoqda.
Shu bilan birga solishtirish uchun, hozirgi kunda tijorat banklari tomonidan belgilangan talablarga muvofiq ajratilayotgan iste’mol krediti stavkalari 17 foizdan 38 foizgachani tashkil etmoqda.
Ushbu bozorlarda narxlar va muddatli foiz to‘lovlari o‘rtasidagi katta tafovut bir tomondan, aholi orasida ma’lumotlarning notekis taqsimlangani (information asymmetry) hamda ularning moliyaviy savodxonligini yanada oshirish buyicha tadbirlarga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. Ikkinchi tomondan, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan, norasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan aholi muddatli to‘lov bozoridan ko‘proq foydalangan bo‘lishi mumkin.
Individual moliyaviy intizom (kredit tarixiga yoshlikdan e’tiborli bo‘lish) va rasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritish iste’molchining bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘laqonli bahramand bo‘lishi va samaraliroq foydalana olish ehtimolini oshiradi.