Shanba kuni minglab odamlar Grenlandiyadagi vaziyat tufayli Daniyadagi AQSh elchixonasi oldida jimgina norozilik namoyishi o‘tkazdilar.
Bu haqda Associated Press nashri xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, norozilik namoyishi Kopengagendagi Daniya faxriylarini qo‘llab-quvvatlash uyushmasi tomonidan tashkil etilgan. Faxriylar va boshqa namoyishchilar avval Kastellet qal’asida to‘planishdi, keyin esa AQSh elchixonasi binosiga yo‘l olishdi. Keyin namoyishchilar Daniya armiyasi va polisiyasi xotirasiga besh daqiqa sukut saqlashdi.
"Yuzlab daniyalik faxriylar, ularning ko‘pchiligi Amerika qo‘shinlari bilan birga jang qilishdi va ularning minglab tarafdorlari shanba kuni Kopengagendagi AQSh elchixonasi oldida Tramp ma’muriyatining Grenlandiyani egallab olish tahdidlari va Trampning ularning urushga qo‘shgan hissasini kamsitishiga javoban jimgina norozilik namoyishi o‘tkazdilar", deyiladi xabarda.
Namoyishchilar shuningdek, AQSh elchixonasi binosi oldida 52 ta Daniya bayrog‘ini tantanali ravishda ko‘tarishdi. Bayroqlarda Afg‘oniston va Iroqda halok bo‘lgan 52 nafar daniyalik harbiy xizmatchining ismlari yozilgan.
Tramp 21 yanvar kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuv Grenlandiya bo‘yicha kelajakdagi kelishuv uchun zamin yaratganini e’lon qildi.
Grenlandiya Daniya Qirolligining bir qismidir. Biroq, Tramp orol Qo‘shma Shtatlar tarkibiga kirishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Daniya va Grenlandiya rasmiylari Vashingtonni orolni egallab olishdan ogohlantirib, ularning hududiy yaxlitligi hurmat qilinishini kutishlarini ta’kidladilar.