Daniyada o‘qituvchilarga muayyan holatlarda o‘quvchilarni jismonan ushlab turish yoki ularning xohishiga qarshi sinfdan chiqarish huquqini berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi tayyorlandi. Hujjat hali parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Daniya maorif vaziri Magnus Xeunike ma’lum qilishicha, bunday choralar o‘quvchi o‘ziga yoki atrofdagilarga xavf tug‘dirganida yoxud sinfdagi tartibni jiddiy buzganida qo‘llanilishi mumkin. Vazir bu tashabbus jismoniy jazolashni nazarda tutmasligini ta’kidladi.
«Vaziyat keskinlashganda o‘qituvchilar nima qilishga haqli ekanliklariga shubha qilmasliklari kerak. Zo‘ravonlikning oldini olgani uchun biror o‘qituvchi ishdan bo‘shatilishdan qo‘rqmasligi lozim», — dedi Xeunike.
Qonun loyihasini ishlab chiqishga Daniya maktablarida o‘quvchilarning tajovuzkor va buzg‘unchi xatti-harakatlari ko‘paygani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.
Daniya mehnat inspeksiyasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan o‘qituvchilarning chorak qismidan ko‘prog‘i o‘quvchilarning bunday xatti-harakatlariga avvalgidan ko‘proq duch kelayotganini bildirgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, taxminan har beshta sinfdan birida zo‘ravonlik holatlari o‘qituvchilarga nisbatan sodir etilmoqda.