Bu haqda Reuters ma’lum qildi.
Agentlik manbasi xabariga ko‘ra, gap "yuzlab milliardlar" haqida ketmoqda. Al Hadath telekanali manbalari ushbu summani 300 milliard Suriya funti (rasmiy kurs bo‘yicha taxminan 23 million dollar) deb baholagan.
Reuters suhbatdoshining ta’kidlashicha, bu pullar Bashar Asad davrida bosilgan, lekin u hokimiyatdan ag‘darilishidan oldin Rossiya pullarni Suriyaga yetkazib berishga ulgurmagan.
“Hay’at Tahrir ash-Shom” guruhi Suriyada hokimiyatni qo‘lga kiritgach, Rossiyaning “Goznak” davlat korxonasiga banknotalar bosib chiqarishni taqiqlagan. Shu bilan birga, Financial Times nashrining qayd etishicha, Suriya G‘arbda pul bosib chiqarish xizmatini buyurtma qila olmaydi, chunki mamlakatga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bunga yo‘l qo‘ymaydi.
Suriya keskin valyuta tanqisligi bilan yuzlashgan. Reuters manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat Markaziy bankining zaxiralari 200 million dollar atrofida. Xalqaro valyuta jamg‘armasi bahosiga ko‘ra, fuqarolik urushi boshlanishidan bir yil oldin, 2010 yilda, Suriya zaxiralari 18,5 milliard dollarni tashkil etgan.
FT bilan suhbatlashgan suriyalik biznesmenning so‘zlariga ko‘ra, odamlar bank hisob raqamlariga pul qo‘yishdan qo‘rqmoqda, chunki ular keyinchalik o‘z mablag‘larini qaytarib ololmasliklaridan xavotirda. Shu bilan birga, mamlakatda hali ham muomalada bo‘lgan 2000 Suriya funtida ag‘darilgan Bashar Asadning surati bor.