Dam olish yoki bayram kunida xodim roziligisiz ishga chiqarish mumkinmi? Bu kunlar uchun qancha haq to‘lanishi kerak? Rozilik faqat ariza bilan bildiriladimi?
Umumiy qoidaga ko‘ra, dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi. (Ishlanmaydigan bayram kunlari 9 ta). Shuningdek, qonunchilikda ishlab chiqarish zaruriyatidan kelib chiqqan holda ayrim istisno holatlar belgilangan. Quyida dam olish yoki bayram kunlari ishga chiqarishning ayrim huquqiy asoslariga oid muhim qoidalar keltirilgan.
Tashkilotning keyingi normal faoliyati shoshilinch bajariladigan ishlarga bog‘liq bo‘lganida, o‘sha ishlarni bajarish uchun xodimlar ularning yozma roziligi bilan dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etilishi mumkin.
Bunda shoshilinch bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxati jamoa shartnomasida yoki kasaba uyushmasi bilan kelishib ish beruvchi tomonidan yoxud mehnat shartnomasida belgilanadi.
Shuningdek, ishlanmaydigan bayramlarda ishlab chiqarishni to‘xtatib turish imkoni bo‘lmagan, aholiga xizmat ko‘rsatiladigan ishlarni, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi.
Bundan tashqari, madaniy-tomosha tashkilotlari, televideniye, radioeshittirish va boshqa OAV xodimlari dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etilishi mumkin.
Quyidagi holatlarda xodimning roziligisiz dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etishga yo‘l qo‘yiladi:
tabiiy yoki texnogen halokatlar, avariyalar, baxtsiz hodisalar (yong‘in, toshqin, zilzila, epidemiya va boshqalar) davridagi ishlarni bajarish uchun;
baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun;
issiq va sovuq suv, gaz, yorug‘lik, issiqlik ta’minoti, transport, aloqaning normal ishlashini buzadigan holatlarni bartaraf etish uchun;
ish beruvchi mulkini nobud qilish yoki unga zarar yetkazishning oldini olish uchun.
Nogironligi bo‘lgan xodimlar, homilador ayollar, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi bo‘lgan xodimlarni dam olish kuni va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishga jalb qilishga har qanday holatda (baxtsiz hodisada ham) faqat ularning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni esa dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi (TV, OAV, radio, sport sohasidagi ishlar mustasno).
Dam olish kunlari yoki ishlanmaydigan bayram kunlari uchun kamida ikki hissa haq to‘lanadi.
Ichki hujjatlarda ikki hissadan ko‘proq haq to‘lanishi belgilanishi mumkin.
Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish xodimning xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kunini berish bilan kompensasiya qilinishi mumkin.
Dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish uchun xodimga o‘zining xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kuni berilishi mumkin. Bunda xodimga bir hissa haq to‘lanadi.
Xodim jadvalga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq umumiy belgilangan dam olish kunlarida (besh kunlik ish haftasida shanba yoki yakshanba kunlari yoki olti kunlik ish haftasida yakshanba kuni) ishlasa, dam olish kunlari esa unga boshqa kunda berilsa, umumiy dam olish kunlaridagi ish uchun bir hissa haq to‘lanadi.
Dam olish kuni yoki ishlanmaydigan bayram kuni ishga jalb etish ish beruvchi buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Xodimning roziligi ariza bilan yoki buyruqqa imzo qo‘ydirish orqali olinadi.
Xodim roziligisiz ishga jalb etilganda buyruqda xodim roziligisiz ishga jalb qilish asoslari qo‘rsatilishi kerak.
Eslatma: yuqoridagi tartiblar buzilganda xodimlar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga, shuningdek mehnat, prokuratura, adliya organlariga murojaat qilishlari mumkin.
Sudga murojaat qilinganda xodimlar sud xarajatlaridan ozod qilinadi.