Dala yong‘inlarining tabiiy muhitga katta zarar yetkazishini ko‘pchilik biladi, ammo bu haqda qayerga va kimga murojaat qilishni bilmaydi. Shu bois, “O‘zbekkosmos” dala yong‘inlarini kuzatish imkonini beruvchi portalni ishga tushirdi.
Endilikda fuqarolar respublikada qaysi hududda dala yong‘inlari sodir bo‘layotgani, uning manzili va hajmi bo‘yicha ochiq portali orqali to‘liq ma’lumot olishi mumkin.
Qolaversa, “O‘zbekkosmos” shu kabi salbiy holatlar bo‘yicha xabardorlikni oshirish maqsadida maxsus _@UzCosmos_Yongin_bot ni ham ishga tushirdi.
U orqali dala yong‘inlariga guvoh bo‘lganlar real vaqt rejimida suratlar va manzillarni agentlikka yuborishlari mumkin.
Ma’lumot o‘rnida: Ayni vaqtgacha O‘zbekistonda 5350 gektar yer o‘zboshimchalik bilan yoqib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.